Xitoyda his-tuyg‘u bildiradigan robotlar sotuvga chiqdi — narxi 145 ming dollar

30-iyun 2026 21:24 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Xitoyda his-tuyg‘u bildiradigan robotlar sotuvga chiqdi — narxi 145 ming dollar / Foto: UBTech

UBTech kompaniyasi Uworld U1 seriyasiga mansub to‘liq o‘lchamli gumanoid robotlar savdosini boshladi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.

Robotlar uy sharoitida hamroh sifatida foydalanish uchun ishlab chiqilgan. Seriya uchta modeldan iborat: U1 Lite $17,6 ming, U1 Pro $25 ming, U1 Ultra esa erkaklar versiyasi uchun $145,8 ming va ayollar versiyasi uchun $129,6 ming etib belgilangan.

Inson harakatlariga yaqin imkoniyatlar

Erkaklar uchun mo‘ljallangan robotning bo‘yi 183 sm, vazni 42 kg, ayollar versiyasining bo‘yi esa 168 sm, vazni 35,2 kgni tashkil etadi. Har bir robot 88 ta harakatlanuvchi bo‘g‘im bilan jihozlangan bo‘lib, insonning tabiiy harakatlarini takrorlay oladi. Shuningdek, unda yanada tabiiy harakatlanish uchun ikki tayanchli bionik bo‘yin konstruksiyasi qo‘llanilgan.

Foto: UBTech

Muloqot va sun’iy intellekt imkoniyatlari

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, U1 foydalanuvchi bilan oddiy suhbat qura oladi, nigoh yo‘nalishini aniqlaydi hamda 20 dan ortiq hissiy holatni ifodalaydi. Tizimning javob qaytarish vaqti taxminan 500 millisekundni, lab harakatlarini nutq bilan sinxronlashtirish kechikishi esa 20 millisekundni tashkil etadi.

Robot 2 – 4 soatgacha avtonom ishlaydigan akkumulyator, Wi-Fi ulanishi va egasi bilan uzoq muddatli hissiy muloqot qilishga mo‘ljallangan maxsus til modeliga ega. Foydalanuvchilar bilan o‘zaro aloqa ma’lumotlari bulutli xizmatlarga majburiy yuborilmaydi, balki qurilmaning o‘zida shifrlangan holda saqlanadi. UBTech ta’kidlashicha, dasturiy platformadagi hissiy model Huaweining Ascend texnologiyalari asosida o‘qitilgan.

Foto: UBTech

Sotuvlar

Kompaniya robotlar uy yumushlari, jumladan, tozalash yoki ovqat tayyorlash uchun emas, balki foydalanuvchi bilan muloqot qilish va unga hamrohlik qilish uchun yaratilganini qayd etdi. Dastlabki buyurtmalar 2-iyun kuni boshlangan bo‘lib, ilk xaridorlar robotlarini sentabr oyi o‘rtalarida qabul qilib oladi.

UBTech bosh direktori Chjou Szyan ma’lum qilishicha, U1 seriyasiga buyurtmalar soni allaqachon 11 mingdan oshgan. Taqqoslash uchun, kompaniya 2025-yil davomida jami 1 079 dona to‘liq o‘lchamli gumanoid robot sotgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi elektromobillar uchun avtomatik quvvatlash robotini taqdim etgan edi.

Shuningdek