Ilk bukiluvchi iPhone 2500 dollardan sotilishi kutilmoqda

3-iyul 2026 16:54 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Ilk bukiluvchi iPhone 2500 dollardan sotilishi kutilmoqda / Foto: Grok yordamida yasaldi

Apple’ning ilk bukiluvchi iPhone smartfoni 2026-yilda taqdim etilishi kutilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurilmaning boshlang‘ich narxi $2,5 mingni tashkil etadi.

Apple o‘z yetkazib beruvchilaridan 2026-yilda taxminan 10 mln dona bukiluvchi iPhone ishlab chiqarishni so‘ragan. Qurilma iPhone Ultra nomi bilan taqdim etilishi va iPhone 18 Pro turkumi bilan birgalikda sentabr oyida debyut qilishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, avvalroq kompaniya dastlabki bosqichda 7–8 mln dona bukiluvchi iPhone ishlab chiqarishni rejalashtirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Yangi ma’lumotlar esa ishlab chiqarish hajmi oshirilganini ko‘rsatmoqda.

Foto: Jamonline

Hisobotda Apple yetkazib beruvchilarga 2026-yilda iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max modellaridan jami 70 mln dona ishlab chiqarish bo‘yicha buyurtma bergani ham aytilgan. Shu tariqa, kompaniyaning 2026-yil uchun yangi iPhone liniyasi bo‘yicha umumiy ishlab chiqarish hajmi qariyb 220 mln donaga yetishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Apple ayrim yetkazib beruvchilarga 2026-yilning ikkinchi yarmida qo‘shimcha 85 mln donagacha buyurtmalarni bajarishga tayyor turishni topshirgan. Shuningdek, kompaniya ulardan iPhone 18 turkumi uchun iPhone 17 modellari ishlab chiqarilishida foydalaniladigan ayrim komponentlarni oldindan zaxiralashni ham so‘ragan.

Foto: FPT

Ma’lumot uchun, iPhone Ultra, iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max smartfonlari 8-sentabr kuni taqdim etilishi kutilmoqda. Mish-mishlarga ko‘ra, bukiluvchi iPhone’ning boshlang‘ich narxi $2,5 ming atrofida, xotirasi kattaroq versiyalari esa $3 mingcha yetishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iPhone 18 Pro Max Apple tarixidagi eng katta akkumulyatorga ega bo‘lishi haqida yozgan edik.

Shuningdek