
21 yoshli shaxmatchi Javohir Sindarov haqida sizga tanish va notanish bo‘lgan qiziqarli faktlar bilan bo‘lishamiz.
Shaxmatchining eng so‘nggi yutug‘i Daniel Naroditskiy xotirasiga bag‘ishlangan Naroditsky Memorial 2026 turnirida rapid va blitz yo‘nalishlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani bo‘ldi.

Shaxmatni unga bobosi o‘rgatgan. Javohir 4,5 yoshida donalarni surishni bobosidan o‘rgangan va oradan ko‘p o‘tmay turnirlarda qatnasha boshlagan.

5–6 yoshidayoq sovrinlar yuta boshlagan. U maktabga chiqmasidan oldin shahar va viloyat musobaqalarida g‘olib bo‘lgan.

Oilasida yana bir shaxmatchi bor. Uning ukasi Islombek Sindarov ham xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyat qozongan yosh shaxmatchi.

Vaqtni juda tez ishlatadi. Raqiblari bir yurishga o‘nlab daqiqa sarflayotganida, Javohir murakkab vaziyatlarda ham tez qaror chiqarishi bilan tanilgan. Bu esa ko‘pincha raqibni vaqt bosimiga tushirib qo‘yadi.

Bir vaqtlar Counter-Strike o‘yiniga qattiq qiziqqan. O‘smirligida kompyuter o‘yinlarini ko‘p o‘ynagan, ammo 2021-yildan boshlab e’tiborini to‘liq shaxmatga qaratgan.

«Barselona» muxlisi. Bo‘sh vaqtida futbol tomosha qilishni yoqtiradi va ayniqsa «Barselona» klubiga muxlislik qiladi.

Tarixga kirgan o‘zbekistonlik. U FIDE Jahon kubogini yutgan ilk o‘zbekistonlik va musobaqa tarixidagi eng yosh chempionga aylangan.

20 yoshida dunyoning Top-5 shaxmatchilari qatoriga kirgan. Uning reytingi 2770 balldan oshib, jahonning eng kuchli grossmeysterlari safiga qo‘shildi.

Hozirda qozog‘istonlik shaxmatchi qiz bilan munosabatda. Sindarov qozog‘istonlik Bibisora Assaubayeva bilan munosabatda ekanini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatib boradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindorov va Bibisora Assaubayeva bir-biriga atalgan futbolka kiygani haqida yozgandi.