
Xitoyning Chongqing shahrida Xpeng X9 avtomobillarining pnevmatik osma tizimi bilan bog‘liq takroriy nosozliklar yuzasidan shikoyatlar ko‘paymoqda. Bu haqda CarNewsChina xabar berdi.
Ayrim avtomobil egalari mashina harakatlanayotgan vaqtda osma tizimidan havo sizib chiqishi, natijada kuzovning bir tomoni yoki butun shassi pastga tushib qolganini bildirgan.
Haydovchilar mazkur muammolarni hududda kuzatilayotgan kuchli jazirama bilan bog‘lamoqda. Ularning ta’kidlashicha, pnevmatik osmadagi nosozliklar kutilmaganda yuz berayotgani sababli avtomobilni boshqarish xavfsizligi bo‘yicha savollar paydo bo‘lgan.
Xpeng mijozlarga xizmat ko‘rsatish markazi yuqori haroratda pnevmatik osma tizimining termal himoya rejimi ishga tushishi mumkinligini ma’lum qilgan. Kompaniya izohiga ko‘ra, jazirama paytida osma balandligi tez-tez yoki avtomatik tarzda o‘zgartirilsa, kompressor qizib ketishi mumkin. Bunday vaziyatda panelda osma kompressori haddan tashqari qizigani va tizimni vaqtincha sozlab bo‘lmasligi haqida ogohlantirish paydo bo‘ladi.

Ishlab chiqaruvchi nima deydi
Kompaniya haydovchilarga ogohlantirish chiqqan taqdirda avtomobilni xavfsiz joyda to‘xtatib, kompressor sovishini kutishni tavsiya qilgan. Xpeng vakillarining bildirishicha, tizim odatda ma’lum vaqt o‘tgach yana ishlay boshlaydi. Biroq kompaniya osmadan havo chiqishi va avtomobil kuzovining pastga tushib qolishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan hozircha aniq tushuntirish yoki kompleks yechim taqdim etmagan.
Shikoyatlar faqat jazirama paytida paydo bo‘ladigan ogohlantirishlar bilan cheklanmayapti. Avtomobillar sifati bo‘yicha murojaatlarni qabul qiluvchi 12365auto platformasida ham takroriy texnik nosozliklar qayd etilgan. Xpeng X9 EREV Max egalaridan biri avtomobil 1552 kilometr yurganida pnevmatik osma tizimi birinchi marta ishdan chiqqanini, 2500 kilometrga yetganda esa muammo yana takrorlanganini bildirgan.
Servis markazidagi keyingi tekshiruvda elektr motor invertorida qisqa tutashuv yuz bergani va saqlagich kuyganligi aniqlangan. Avtomobildan atigi besh oy foydalangan mijoz bir necha bor ta’mirlash markaziga murojaat qilishga majbur bo‘lganidan noroziligini bildirgan. Uning aytishicha, servis markazi nosozlikni tekshirish dalolatnomasini tasdiqlab berishdan bosh tortgan.
Avvalroq «Kursiv» Xpeng Mona L03 avtomobili uchun oldindan buyurtmalar boshlangani haqida yozgan edi.