Chevrolet Blazer endi V6 dvigatel bilan buyurtma qilinmaydi

19-iyul 2026 10:48 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Foto: GMAUthority

Chevrolet 2026-yilgi Blazer modelida 3,6 litrli V6 dvigatelni taklif qilishni to‘xtatdi. Endi SUV faqat 2,0 litrli turbo dvigatel bilan sotiladi. Bu haqda GM Authority xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, dilerlar may oyining oxiridan beri 2026-yilgi Chevy Blazer’ni V6 dvigatel bilan buyurtma qila olmayapti.

Avval 3,6 litrli V6 dvigatel 308 ot kuchi va 270 funt-fut aylanish momenti ishlab chiqargan. U 2026-yilgi modelda faqat RS komplektatsiyasi uchun $1 000lik opsiya sifatida taklif qilingan.

Endi faqat 2,0 litrli turbo dvigatel qoladi

Blazer’ning yagona dvigateli 2,0 litrli turbo benzinli motor bo‘ladi. U 228 ot kuchi va 258 funt-fut aylanish momentiga ega.

Ushbu dvigatel V6’ga qaraganda kuchsizroq, biroq yoqilg‘i tejamkorligi yaxshiroq. Turbo dvigatelli versiya shaharda kamida 22 mpg, trassada esa 27 mpg sarf ko‘rsatadi.

Tortish imkoniyati kamayadi

V6 dvigatelga ega Blazer 4 500 funtgacha yuk torta olardi.

2,0 litrli turbo dvigatelli versiyada esa bu ko‘rsatkich 3 250 funtni tashkil qiladi. Har ikki holatda ham avtomobil 9 pog‘onali avtomat uzatma bilan jihozlanadi.

Buyurtmalar iyulda yopiladi

2026-yilgi Chevy Blazer uchun buyurtmalar 20-iyulda yopilishi kutilmoqda.

Model hozir Meksikadagi GM Ramos Arizpe zavodida ishlab chiqarilmoqda. 2026-yilgi Blazer ishlab chiqarilishi sentabrda yakunlanadi.

2027-yilgi Blazer bo‘lmaydi

Chevrolet Blazer ishlab chiqarishni AQShning Tennessi shtatidagi GM Spring Hill zavodiga ko‘chiradi. U yerda ishlab chiqarish 2027-yilning birinchi yarmida boshlanishi rejalashtirilgan.

Shu sababli 2027 model yili uchun Blazer ishlab chiqarilmaydi. Yangilangan model esa 2028-yilgi versiya sifatida bozorga chiqishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ikkita Chevrolet modeli uchun buyurtma tartibi o‘zgarishi xabar qilingandi. GM Authority’ga ko‘ra, endi ba’zi funksiyalar alohida tanlanadi, ayrimlari esa qo‘shimcha paketlar bilan birga buyurtma qilinadi.

Shuningdek