
Jahon chempionatining bronza medallari uchun kechgan o‘yinda Angliya terma jamoasi Fransiya ustidan 4:6 hisobida g‘alaba qozondi. Ikki bo‘limda butunlay turlicha ssenariy ostida o‘tgan uchrashuvda inglizlar birinchi taymdayoq to‘rtta gol urishga erishdi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limi to‘lig‘icha inglizlarning mutlaq ustunligida o‘tdi va ular raqibni tom ma’noda «nokaut» holatiga tushirib qo‘ydi. Dastlabki 45 daqiqalikning o‘zidayoq Fransiya darvozasiga javobsiz 4 ta to‘p kiritildi. O‘yinning 3-daqiqasidayoq Deklan Rays hisobni ochgan bo‘lsa, 18-daqiqada uning ajoyib uzatmasidan so‘ng Ezri Konsa oradagi farqni yanada oshirdi.

Taym oxiriga kelib Bukayo Saka haqiqiy qahramonga aylandi. U 37-daqiqada Markus Reshford ishtirokidagi kombinatsiyani gol bilan yakunladi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Eberechi Eze uzatgan pasdan so‘ng o‘zining dublini rasmiylashtirib, jamoasini tanaffusga 0:4 hisobidagi xotirjam ustunlik bilan olib chiqdi.

Ikkinchi taymda Fransiya terma jamoasi o‘ziga keldi va haqiqiy kambek uyushtirishga urindi. 48-daqiqada Kilian Mbappe Maykl Olisening uzatmasidan unumli foydalanib, jamoasining dastlabki golini urdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 54-daqiqada Bredli Barkola aynan Mbappening pasidan so‘ng hisobdagi farqni qisqartirdi.

66-daqiqada esa yana Kilian Mbappe o‘zining ikkinchi golini kiritib, maydondagi intrigani eng yuqori cho‘qqiga olib chiqdi. Ammo 87-daqiqada inglizlar penalti evaziga hisobni yiriklashtirdi. Jarima zarbasini Bukayo Saka aniq amalga oshirib, xet-trik qayd etdi.

Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda Usmon Dembele va Jud Bellengemlar bittadan gol kiritib yakuniy hisobni o‘rnatdi — 4:6.
Avvalroq Kursiv nashri Argentina so‘nggi soniyalarda Angliyani mag‘lub etib, JCh finaliga chiqqani haqida xabar berilgan edi.