
Buyuk Britaniyaning The Guardian nashri O‘zbekistonni AQSh, Hindiston va Xitoy bilan bir qatorda bugungi kundagi dunyoning eng kuchli to‘rtta shaxmat davlati qatoriga kiritdi. Nashr O‘zbekiston va AQSh terma jamoalari o‘rtasidagi bo‘lajak uchrashuvni Samarqandda o‘tadigan Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan muhim sinov sifatida baholadi.
Ikki terma jamoa 27 – 28-iyul kunlari Mayami shahrida rapid va blits bo‘yicha o‘zaro kuch sinashadi. Bahslar Sheveningen tizimida o‘tkaziladi, ya’ni bir jamoaning har bir a’zosi raqib tarkibidagi barcha shaxmatchilar bilan o‘ynaydi.
The Guardian bu uchrashuv 15 – 27-sentabr kunlari Samarqandda qariyb 200 mamlakat ishtirokida o‘tkaziladigan klassik shaxmat olimpiadasida medallar uchun kechadigan kurash haqida dastlabki tasavvur berishini qayd etdi.
AQShga qarshi superkuch
O‘zbekiston terma jamoasi Mayamidagi bahsga deyarli eng kuchli tarkibda boradi. Jamoada jahon reytingining to‘rtinchi pog‘onasida turgan Javohir Sindorov, oltinchi raqamli Nodirbek Abdusattorov, shuningdek, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov ishtirok etadi.
Nashr O‘zbekiston jamoasining asosiy ustunliklaridan biri uning yoshligi ekaniga e’tibor qaratgan: o‘zbekistonlik shaxmatchilarning o‘rtacha yoshi atigi 21 ni tashkil qiladi.
AQSh safida esa Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura, Uesli So, Leynyer Dominges va Levon Aronyan kabi tajribali grossmeysterlar o‘ynaydi. Olti karra Olimpiada g‘olibi bo‘lgan Amerika jamoasi vakillarining o‘rtacha yoshi 38 ga teng. Shu sababli Mayamidagi bahs yosh va tez rivojlanayotgan O‘zbekiston tarkibi bilan katta tajribaga ega AQSh jamoasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik sifatida ham qiziqish uyg‘otmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Javohir Sindarov va Bibisora Assaubayeva JCh bahsini stadiondan tomosha qilgani haqida yozgan edi.