Chevrolet Tracker uchun chegirma e’lon qilindi: 20 mln so‘m foyda

22-iyul 2026 08:03 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Tracker uchun chegirma e’lon qilindi: 20 mln so‘m foyda
Foto: Chevrolet

Chevrolet Janubiy Koreyada iyul oyi uchun maxsus savdo dasturini e’lon qilib, Tracker xaridorlariga taqdim etiladigan chegirma va moliyaviy imtiyozlarni kengaytirdi. Bu haqda kompaniya saytida e’lon qilindi.

Aksiya doirasida ayrim shartlar asosida avtomobil xaridi uchun taqdim etiladigan umumiy imtiyoz 2,6 mln vongacha yoki qariyb 20 mln so‘mga yetishi mumkin.

Foto: Chevrolet

Kompaniya 2026-yilgi Tracker va Trailblazer modellari uchun past foizli bo‘lib to‘lash hamda yoqilg‘i xarajatlarini qoplash dasturini taklif qilmoqda. Xaridorlar 36 oylik muddat uchun yillik 4,9 foiz yoki 60 oyga 5,4 foiz stavkadan foydalanishi va qo‘shimcha ravishda 500 ming vonlik, ya’ni qariyb $340 miqdoridagi yoqilg‘i puli olishi mumkin.

Qanday imztiyozlar bor

Tracker’ning ishlab chiqarilgan sanasiga qarab qo‘shimcha chegirmalar ham mavjud. 2026-yil yanvarida ishlab chiqarilgan avtomobillarga 400 ming von yoki qariyb $270, fevraldagi modellarga 300 ming von yoki $200, mart oyida ishlab chiqarilgan mashinalarga esa 200 ming von yoki $135 chegirma beriladi.

Foto: Chevrolet

Bundan tashqari, 15-iyulgacha xaridorga topshiriladigan Tracker avtomobillari uchun individual iste’mol solig‘i bo‘yicha qo‘shimcha kompensatsiya qo‘llanadi. Uning miqdori avtomobil komplektatsiyasiga qarab farq qiladi. Jumladan, Tracker RS versiyasi xaridorlariga 410 ming von yoki qariyb $280 miqdorida yordam beriladi.

Chevrolet Homecoming Festival dasturining ishtirokchilari doirasi ham kengaytirildi. Endilikda Spark, Matiz, Damas, Labo, Cruze, Aveo va Orlando bilan bir qatorda Lacetti hamda Malibu egalari ham Tracker xarid qilganda 1 mln vonlik, ya’ni qariyb $680 miqdoridagi maxsus chegirmaga ega bo‘lishi mumkin. Imtiyoz avtomobil egasining yaqin qarindoshlari, jumladan, ota-onasi, farzandlari, aka-uka va opa-singillariga ham tatbiq etiladi.

Foto: Chevrolet

Qo‘shimcha imtiyozlar

Trade-in dasturi orqali eski avtomobilini Chevrolet hamkoriga sotib, yangi Tracker xarid qilgan mijozlarga 700 ming von yoki qariyb $475 chegirma hamda 100 ming vonlik, ya’ni $70 ga yaqin mobil sertifikat beriladi. Shu tariqa ushbu dastur doirasidagi umumiy foyda 800 ming von yoki qariyb $545 ni tashkil etadi.

Foto: Chevrolet

Harbiy xizmatchilar, harbiy tizim xodimlari, politsiyachilar va o‘t o‘chiruvchilar uchun ham maxsus shartlar saqlab qolindi. Mazkur toifadagi xaridorlar va ularning yaqin oila a’zolariga Tracker sotib olishda 300 ming von yoki qariyb $200 miqdorida qo‘shimcha chegirma taqdim etiladi.

Foto: Chevrolet

Chevrolet’ning iyul aksiyasi Tracker narxini rasman o‘zgartirishni emas, turli chegirmalar, soliq kompensatsiyasi, yoqilg‘i puli va moliyalashtirish dasturlari orqali avtomobil xaridi xarajatlarini kamaytirishni nazarda tutadi. Takliflarning ayrimlari ishlab chiqarilgan sana, xaridorning avvalgi avtomobili va yangi mashinani topshirish muddatiga bog‘liq.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors Onix, Tracker va Damas uchun to‘lov shartlarini o‘zgartirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek