
GWM konsernining Ora brendi GWM Ora 5 krossoverining yangi Sport va GT versiyalarini namoyish etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Yangi modifikatsiyalar elektromobil, gibrid va benzinli kuch qurilmalariga ega modelning sport uslubidagi ko‘rinishini kuchaytiradi. Ularning narxi hozircha ochiqlanmagan, Xitoyda amaldagi Ora 5 qatori esa 69,8 ming yuan yoki qariyb $10,2 mingdan boshlanadi.
Ora 5 Sport tashqi ko‘rinishida katta o‘zgarishlar qilinmagan. Model oq tomli ikki rangli kuzov, qizil tormoz supportlari va kattalashtirilgan g‘ildirak disklari bilan ajralib turadi. Tizerdagi avtomobil tomiga lidar ham o‘rnatilgan. Hozircha ushbu uskuna Xitoyda faqat Ora 5’ning elektr versiyalarida taklif qilinadi.

Ora 5 GT esa yanada agressiv aerodinamik kuzov to‘plamiga ega bo‘ldi. Unga old splitter, yon qoplamalar va orqa spoyler o‘rnatilgan. G‘ildiraklar, faralar, tormozlar hamda aerodinamik elementlardagi qizil bezaklar modelning sport uslubini kuchaytiradi. Tizerdagi quvvatlash porti GT versiyasi ham elektromobil asosida yaratilganini ko‘rsatadi.
GWM yangi versiyalarning texnik qismi haqida batafsil ma’lumot bermadi. Sport va GT modifikatsiyalari benzinli hamda gibrid Ora 5 uchun ham taklif etilishi noma’lum. Shuningdek, ular kuchliroq motor, qayta sozlangan osma yoki takomillashtirilgan boshqaruv tizimiga ega bo‘ladimi, hozircha ochiqlanmagan.

Qo‘shimcha imkoniyatlar
Ora 5 elektromobili 150 kVt yoki 201 ot kuchi ishlab chiqaradigan old elektr motor bilan jihozlangan. Xaridorlarga GWM tarkibidagi SVOLT kompaniyasining 45,3 va 58,3 kVt·soat sig‘imli litiy-temir-fosfat akkumulyatorlari taklif etiladi. Ular CLTC sikli bo‘yicha mos ravishda 480 va 580 km masofani bosib o‘tish imkonini beradi.
Benzinli Ora 5 o‘zgaruvchan geometriyali turbokompressorga ega 1,5 litrli, 181 ot kuchli dvigatel va yetti pog‘onali robotlashtirilgan uzatma bilan jihozlangan. Krossover 100 km/soat tezlikka 8,9 soniyada chiqadi, maksimal tezligi 190 km/soatni tashkil etadi. WLTC sikli bo‘yicha yoqilg‘i sarfi 100 kmga 6,4 litr deb ko‘rsatilgan.
Gibrid modifikatsiyada 154 ot kuchli 1,5 litrli turbo dvigatel va 188 ot kuchli elektr motor qo‘llanilgan. Ikki pog‘onali maxsus gibrid uzatma bilan ishlaydigan tizimning umumiy quvvati 223 ot kuchiga yetadi. Ushbu versiya 100 km/soat tezlikka 7,7 soniyada chiqadi, maksimal tezligi 185 km/soat, o‘rtacha yoqilg‘i sarfi esa 100 kmga 4,5 litrni tashkil qiladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Chevrolet Tracker uchun chegirma e’lon qilingani haqida yozgan edi.