
Belarusda ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan bog‘liq holatlar bu yo‘nalishda imkoniyat bilan birga xavflar ham borligini ko‘rsatmoqda. Avvalroq bir guruh ishchilar uy-joy va ovqat xarajatlari ushlab qolinishi sabab va’da qilingan $500 maoshdan qo‘liga atigi $200 qolayotganini aytib, O‘zbekistonga qaytarishni so‘ragan edi. Keyinroq ular ish beruvchi bilan yangi kelishuvga erishilgani, oylik maosh $700 etib belgilangani, yashash joyi va tushlik bepul bo‘lishini ma’lum qildi. Kursiv Uzbekistan ekspert fikri va Migratsiya agentligi javobiga asosan Belarusda ishlash o‘zbekistonliklar uchun qanchalik manfaatli bo‘lishini o‘rgandi.
Migratsiya agentligining Kursiv Uzbekistanga ma’lum qilishicha, «Andijon viloyati — Vitebsk viloyati» pilot loyihasi doirasida 255 nafar o‘zbekistonlik Belarusga tashkillashtirilgan tartibda yuborilgan, yana 1,1 mingdan ortiq fuqaro uchun ish o‘rinlari shakllantirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Farhod Karakulovning fikricha, Belarusdagi mehnat migratsiyasi o‘zbekistonliklar uchun iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lishi mumkin, ammo buning uchun ish qonuniy, shartnoma shaffof, yashash xarajatlari oldindan aniq va ish beruvchi ishonchli bo‘lishi kerak.
Ushbu maqola orqali quyidagilarni bilib olasiz:
Qancha o‘zbekistonlik Belarusga ishlash uchun ketgan
Migrantlar qaysi sohalarda ishlamoqda
Belarusda ishlash iqtisodiy jihatdan foydalimi
«Qo‘lga qancha qoladi?» degan savol hal qiluvchi
Qurilish va sanoat eng real yo‘nalishlar qatorida
Oilani olib borish har doim ham foydali emas
255 nafar fuqaro Vitebsk viloyatiga yuborilgan
Migratsiya agentligi Kursiv Uzbekistan so‘roviga javoban O‘zbekiston fuqarolarini Belarusda ish bilan ta’minlash O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida erishilgan kelishuvlar hamda «Andijon viloyati — Vitebsk viloyati» pilot loyihasi doirasida amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Agentlikka ko‘ra, mazkur loyiha doirasida Andijon viloyatidan 255 nafar O‘zbekiston fuqarosi tashkillashtirilgan tartibda Vitebsk viloyatiga yuborilgan.
Shuningdek, Migratsiya agentligi delegatsiyasining 11–16-iyul kunlari Belarusga xizmat safari davomida davlat organlari va ish beruvchilar bilan 13 ta hamkorlik hujjati imzolangan. Ushbu kelishuvlar asosida 1,1 mingdan ortiq o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlash uchun kadrlarga ehtiyoj shakllantirilmoqda.
Migrantlar qaysi sohalarda ishlamoqda
Agentlik javobida qayd etilishicha, pilot loyiha doirasida yuborilgan fuqarolar Belarus tomonining rasmiy talabnomalari asosida korxona va tashkilotlarga taqsimlangan. Bunda ularning kasbiy malakasi va ish beruvchilar ehtiyoji inobatga olingan.
O‘zbekistonliklar asosan sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport va xizmat ko‘rsatish sohalarida mehnat qilmoqda. Migratsiya agentligi fuqarolar bilan Belarus qonunchiligiga muvofiq mehnat shartnomalari rasmiylashtirilishi belgilanganini ta’kidlagan.
Bu yo‘nalishlar iqtisodchi Farhod Karakulov keltirgan baholar bilan ham mos keladi. Uning fikricha, Belarus mehnat bozorida o‘zbekistonliklar uchun eng real va talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar qurilish, sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish tarmoqlaridir. Ayniqsa, oliy ma’lumot talab qilmaydigan, ammo malaka va intizom talab etadigan ishchi kasblarda imkoniyat ko‘proq.
Belarusda ishlash iqtisodiy jihatdan foydalimi
Farhod Karakulovning hisob-kitoblariga ko‘ra, Belarusda qonuniy ish topgan o‘zbekistonlik migrant, ayniqsa qurilish, sanoat yoki ishlab chiqarish korxonalarida, O‘zbekistondagi odatiy daromadga nisbatan sezilarli yuqori daromad olishi mumkin. Ekspert bunday holatda migrantning soliqlar va kundalik xarajatlardan keyingi sof daromadi O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqidan 1,5–2 barobar yuqori bo‘lishi ehtimolini qayd etadi.
Belarusdagi o‘rtacha oylik ish haqi 2025-yilda taxminan $923 atrofida baholangan. Ayrim sohalarda bu ko‘rsatkich yuqoriroq: qurilishda qariyb $1,097, sanoatda $960, axborot va aloqa sohasida $2,042, moliya va sug‘urta faoliyatida $1,429 atrofida, deya ma’lumot berdi ekspert. Qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va ta’limda esa daromad nisbatan pastroq.
Biroq bu raqamlar «qo‘lga tegadigan» sof pul emas. Belarusda daromad solig‘i va majburiy ijtimoiy ajratmalar mavjud. Ekspert bahosiga ko‘ra, aksar holatda ishchi hisoblangan maoshining taxminan 85–86 foizini qo‘lga oladi. Keyin esa uy-joy, oziq-ovqat, transport, mobil aloqa va boshqa kundalik xarajatlar chiqarib tashlanadi.
«Qo‘lga qancha qoladi?» degan savol hal qiluvchi
Belarusga ishlashga borayotgan migrant uchun asosiy savol faqat maosh miqdori emas. Muhimi — xarajatlardan keyin qancha pul qolishi.
Agar ish beruvchi turar joy bilan ta’minlasa yoki uning bir qismini qoplasa, migrant uchun Belarusdagi ish iqtisodiy jihatdan ancha jozibali bo‘lishi mumkin. Migratsiya agentligi ham fuqarolarni turar joy bilan ta’minlash ish beruvchilar tomonidan amalga oshirilishini bildirdi.
«Fuqarolarni turar joy bilan ta’minlash ish beruvchilar tomonidan amalga oshiriladi. Oziq-ovqat, transport, sug‘urta va boshqa xarajatlarni qoplash tartibi esa ish beruvchining taklifi hamda mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq belgilanadi», — deya qayd etdi agentlik.
Shu bois shartnoma imzolashdan oldin migrant maosh bilan birga turar joy, ovqatlanish, transport, sug‘urta, ish vaqti, qo‘shimcha to‘lovlar va jarimalar kabi bandlarni ham aniq bilib olishi kerak. Aks holda qog‘ozdagi yuqori maosh amalda kutilgan daromadni bermasligi mumkin.
Qurilish va sanoat eng real yo‘nalishlar qatorida
Farhod Karakulovning fikricha, o‘zbekistonlik migrantlar uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri qurilish. Betonchi, g‘isht teruvchi, payvandchi, montajchi, pardozlovchi kabi kasblarga talab yuqori. Bu sohada ish og‘ir bo‘lishi mumkin, biroq daromad ko‘pincha mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqoriroq bo‘ladi.
Ikkinchi muhim yo‘nalish bu qayta ishlash sanoati. Zavod va fabrikalarda stanokchi, chilangar, liniya operatori, elektromexanik kabi kasblar talab qilinadi. Bu sohada ish nisbatan barqaror bo‘lishi mumkin, chunki Belarus iqtisodiyotida yirik sanoat korxonalari muhim o‘rin tutadi.
Transport va logistika ham malakali migrantlar uchun foydali yo‘nalish bo‘lishi mumkin. Haydovchilik toifalari, tajriba va tegishli hujjatlar bo‘lsa, yuk tashish, omborxona va logistika xizmatlarida daromad nisbatan yuqoriroq bo‘lishi ehtimoli bor.
Qishloq xo‘jaligi Belarusda migrantlar uchun ish taklif qilinadigan yo‘nalishlardan biri bo‘lsa-da, bu sohada ish ko‘pincha mavsumiy va jismoniy jihatdan og‘ir bo‘ladi. Daromad esa qurilish yoki sanoatga nisbatan pastroq bo‘lishi mumkin, deydi ekspert.
Xizmat ko‘rsatish sohasida ham ish o‘rinlari ko‘p, biroq oddiy xizmat funksiyalari, yordamchi ishlar yoki tozalash kabi lavozimlarda daromad odatda o‘rta va past segmentda bo‘ladi. Bu sohada yuqoriroq daromad olish uchun til bilish, tajriba va malaka muhim ahamiyatga ega.
Tibbiyot va IT yo‘nalishlari esa alohida turadi. Ekspertga ko‘ra, bu sohalarda daromad yuqori bo‘lishi mumkin, ammo migrantdan diplomni tan oldirish, til bilish va kasbiy malakani tasdiqlash talab etiladi. Shu sabab bu yo‘nalishlar keng omma uchun emas, avvalo tayyor mutaxassislar uchun mosroq.
Oilani olib borish har doim ham foydali emas
Yolg‘iz migrant uchun Belarusda ishlash iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lishi mumkin. U arzonroq turar joy tanlaydi, ovqat va transport xarajatlarini nazorat qiladi hamda daromadining bir qismini uyiga yuboradi.
Ammo oila bilan ko‘chish vaziyatni keskin o‘zgartiradi.
«Belarusga oila bilan ko‘chib o‘tish migratsiyaning iqtisodiy modelini tubdan o‘zgartiradi. Agar yolg‘iz ishchi arzon uy-joyni tanlashi, oziq-ovqat va transport xarajatlarini tejashi va daromadining katta qismini uyiga yo‘naltirishi mumkin bo‘lsa, oilaviy muhojir to‘liq xarajatlar savatchasiga duch keladi: kengroq kvartirani ijaraga olish, bir necha kishi uchun ovqatlanish, kiyim-kechak, hamma uchun transport, bolalar bog‘chasi yoki maktab, tibbiy xizmatlar va sug‘urta, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va bolalarning moslashuvi», — deydi Karakulov.
Ekspertga ko‘ra, oilaviy ko‘chish asosan ikki holatda o‘zini oqlaydi: migrant yuqori malakali va yaxshi maoshli ishga ega bo‘lsa yoki oiladagi ikki katta yoshli shaxs ham barqaror ishlasa. Aks holda eng ehtiyotkor yo‘l avval bir kishining borib ishlashi, sharoitni o‘rganishi, hujjatlarni to‘g‘rilashi va moliyaviy zaxira shakllantirgach, oilani olib borish masalasini hal qilishi.
Migratsiya agentligi fuqarolarning Belarusda qonuniy mehnat qilishi uchun mehnat shartnomalarini tuzish, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish, sug‘urta va boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirish Belarus vakolatli organlari hamda ish beruvchilar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotganini bildirgan.
«Fuqarolarning mehnat va yashash sharoitlari, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi, ularning huquq va qonuniy manfaatlari ta’minlanishi Migratsiya agentligi tomonidan Belarus Respublikasining vakolatli organlari hamda ish beruvchilar bilan hamkorlikda doimiy monitoring qilib borilmoqda. Aniqlangan har qanday muammolar yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tezkor choralar ko‘rilmoqda», — deya javob berdi agentlik.
Xavflar ham bor
Belarus mehnat bozori o‘zbekistonliklar uchun imkoniyat yaratishi mumkin, ammo uni xatarsiz yo‘nalish deb bo‘lmaydi. Ekspert fikricha, migrantlar tashqi sanksiyalar ta’siri, ayrim tarmoqlardagi iqtisodiy beqarorlik, talab pasayishi, ish beruvchining moliyaviy holati va shartnoma shaffofligini hisobga olishi kerak.
Bundan tashqari, ishning haqiqiy sharoiti oldindan aytilganidan farq qilishi, qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelishi yoki migrant til va moslashuv muammolariga duch kelishi mumkin. Shu sabab ish taklifini baholashda faqat maoshga emas, balki umumiy paketga qarash zarur.
Imkoniyat bor, lekin hisob-kitob bilan
Belarusga mehnat migratsiyasi o‘zbekistonliklar uchun iqtisodiy imkoniyat bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, ish qonuniy bo‘lsa, turar joy masalasi ish beruvchi tomonidan hal qilinsa va shartnomada barcha shartlar aniq yozilgan bo‘lsa, migrant O‘zbekistondagiga nisbatan yuqoriroq sof daromad olishi mumkin.
Bunga qizqayotgan fuqarolar soni ham oshmoqda. Masalan, yaqinda Kursiv Uzbekistan’ga bitta fuqaro qo‘ng‘iroq qilib, Belarusda ishlash niyati borligini aytgandi va ma’lumot so‘ragandi.
Biroq qaror shoshilinch qabul qilinmasligi kerak. Maosh, soliqlar, yashash xarajatlari, turar joy, sug‘urta, transport, ish vaqti, hujjatlar, oilani olib borish xarajatlari va ish beruvchining ishonchliligi birgalikda baholanishi lozim.
Migratsiya agentligi javobi shuni ko‘rsatadiki, jarayon tashkillashtirilgan shaklda yo‘lga qo‘yilmoqda va monitoring qilinmoqda. Ekspert fikri esa bu yo‘nalishdan foyda olish uchun migrant avvalo o‘z xarajatlarini aniq hisoblab, faqat qonuniy va shaffof shartnoma asosida ishga borishi kerakligini ko‘rsatadi.
Belarusga ishlash maqsadida borgan, biroq ish beruvchi tomonidan aldanib, og‘ir moliyaviy ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarosi diplomatlar ko‘magida vatanga qaytarilgani haqida xabar berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, u joriy yil iyul oyida mehnat faoliyatini boshlash maqsadida Belarusga borgan. Ammo Minsk shahriga yetib kelganidan so‘ng uni ishga taklif qilgan shaxs aloqaga chiqmay qo‘ygan. Bir necha kunlik urinishlarga qaramay, ish beruvchi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan va fuqaro mablag‘siz qolgan.