
«AvtoVAZ» yangi Lada Azimut krossoveri uchun 1,5 litrli turbomotor ishlab chiqishni Xitoy kompaniyasiga topshirdi. 110km.ru xabariga ko‘ra, hozircha nomi oshkor etilmagan kompaniya mavjud dvigatelni avtomobil talablariga moslashtiradi.
Dastlab «AvtoVAZ» Great Wall Motor bilan hamkorlik qilish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Biroq Xitoy kompaniyasi Rossiya bozorida Haval Jolion modeliga raqobatchi yaratishda qatnashishni istamagan. Voyah Free avtomobilining dvigatelidan foydalanish varianti ham muhokama qilingan, ammo ushbu agregat gibrid tizim uchun ishlab chiqilgani sababli uni Azimut’ga moslashtirish murakkab va qimmat deb topilgan.

Yana nimalar ma’lum
Dongfeng bilan muzokaralar ham natija bermagach, «AvtoVAZ» boshqa Xitoy kompaniyasiga murojaat qilgan. Muhandislar tayyor dvigatel asosida uning quvvati, yordamchi uskunalari va transmissiya bilan ishlashini Lada Azimut xususiyatlariga moslashtirishi kutilmoqda.

Lada Azimut’ning seriyali ishlab chiqarilishi kuzda boshlanishi rejalashtirilgan. Dastlabki avtomobillar Lada Vesta’da qo‘llaniladigan motorlar asosida yaratilgan, quvvati oshirilgan 16 klapanli atmosferali VAZ dvigatellari bilan jihozlanadi. Yangi turbomotor modelning keyingi versiyalarida paydo bo‘lishi mumkin.
Azimut prototipi avvalroq Xitoyda sinovdan o‘tkazilayotgani ham kuzatilgan edi. «AvtoVAZ» yangi agregatning texnik xususiyatlari, quvvati va ishlab chiqarishga joriy etilish muddatini hozircha rasman ma’lum qilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lada Azimut avtomobili qanday xususiyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.