
Oppo kompaniyasi tomonidan yangi Oppo A7 Pro Max smartfoni haqidagi tafsilotlarni oshkor qildi. Bu haqda Mydrivers nashri xabar bermoqda.
Qurilma brend tarixida sig‘imi 10 000 mA/soatdan yuqori bo‘lgan batareya bilan jihozlangan ilk modelga aylanadi. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, akkumulyator yetti yil davomida foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lib, 80 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlar
Kompaniya yangi modelda nafaqat uzoq avtonom ishlashga, balki suratga olish imkoniyatlariga ham katta e’tibor qaratgan. Oppo A7 Pro Max A seriyasi tarixidagi eng yaxshi kameraga ega smartfon sifatida taqdim etilmoqda. Qurilmaning old va orqa tomoniga 50 megapikselli kameralar o‘rnatiladi.

Old kamera 100 darajali ko‘rish burchagiga ega ultra keng formatda suratga olishni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Asosiy kamera yonidagi aqlli chaqnoq esa yorug‘lik yetishmaydigan sharoitlarda tasvir sifatini yaxshilashi kutilmoqda.
Texnik xususiyatlar
Smartfon 1,5K aniqlikdagi 6,78 dyuymli OLED ekran va 120 Hz yangilanish chastotasiga ega bo‘ladi. Qurilma Qualcomm Snapdragon 4 Gen 5 protsessori asosida ishlaydi. Korpusining qalinligi 8,47 millimetrni, og‘irligi esa 226 grammni tashkil etadi.
Oppo A7 Pro Max savdosi 4-avgust kuni boshlanadi. Xaridorlarga 8 GB tezkor va 128 GB ichki xotirali, shuningdek, 12/256 GB hamda 12/512 GB konfiguratsiyalar taklif etiladi. Kompaniya smartfonning narxini hozircha ma’lum qilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Oppo A7 Pro Max smartfoni qachon taqdim etilishi haqida yozgan edi.