Yangi Leapmotor A05 avtomobili qachon sotuvga chiqadi

4-avgust 2026 11:05 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yangi Leapmotor A05 avtomobili qachon sotuvga chiqadi
Foto: Autohome

Xitoyning Leapmotor kompaniyasi tomonidan yangi ixcham Leapmotor A05 avtomobili 10-avgust kuni rasman sotuvga chiqaradi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Xalqaro bozorda B03 nomi bilan taklif etilishi kutilayotgan avtomobil hozircha narxi e’lon qilinmagan holda oldindan buyurtma uchun ochilgan. Uning eng yuqori yurish zaxirasi 510 kilometrni tashkil etadi.

Model haqida nimalar ma’lum

Foto: Autohome

Leapmotor A05 brendning A turkumiga xos dizaynda ishlab chiqilgan. Elektromobil yopiq radiator panjarasi, «tabassum» shaklidagi faralar, ikki rangli kuzov, yarim yashirin eshik tutqichlari va ikki rangli besh spitsali g‘ildirak disklari bilan jihozlangan. Orqa fonarlar dizayni esa xalqaro bozorda B03X nomini olgan Leapmotor A10 modeliga o‘xshaydi.

Avtomobilning uzunligi 4 200 millimetr, eni 1 800 millimetr, balandligi 1 560 millimetrni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2 605 millimetrga teng. Taqqoslash uchun, A10 modelining uzunligi 4 270 millimetr, eni 1 810 millimetr va balandligi 1 635 millimetr bo‘lib, ikkala elektromobilning g‘ildirak bazasi bir xil.

Foto: Autohome

Ichki qismi

Salon 256 xil rangni qo‘llab-quvvatlaydigan fon yoritgichi, 8,88 dyuymli raqamli asboblar paneli va 14,6 dyuymli markaziy ekran bilan jihozlangan. Multimedia tizimi Qualcomm Snapdragon 8295 chipida ishlaydi. Shuningdek, avtomobilga 12 ta dinamikka ega audiotizim o‘rnatiladi.

Foto: Autohome

Leapmotor A05’da yetti qatlamli yumshoq o‘rindiqlar qo‘llanilgan. Salon dam olish, yotoq, uy hayvonlarini tashish va yopiq saqlash kabi turli rejimlarga moslashtirilishi mumkin. Ikkinchi qatordagi yo‘lovchilar uchun alohida kichik stollar mavjud, o‘rindiq yostiqchalarini esa yuqoriga buklash mumkin.

Elektromobil salonida 33 ta buyum saqlash joyi ko‘zda tutilgan. Yukxonaning standart hajmi 474 litr bo‘lib, orqa o‘rindiqlar buklanganda 1 308 litrgacha kengayadi. Bundan tashqari, 91 litrli chuqurlashtirilgan qo‘shimcha bo‘lim ham mavjud.

Texnik xususiyatlar

Foto: Autohome

Model 70 kilovatt yoki 94 ot kuchiga ega hamda 90 kilovatt yoki 121 ot kuchini ishlab chiqaradigan elektr motorlar bilan taklif etiladi. CLTC standarti bo‘yicha boshlang‘ich versiya bir quvvatlashda 405 kilometr, kuchliroq talqin esa 510 kilometr masofa bosib o‘tishi mumkin. Yuqori komplektatsiyalar uchun LiDAR tizimi ham qo‘shimcha uskuna sifatida taqdim etiladi.

Leapmotor iyul oyida ilk bor 100 mingdan ortiq avtomobil sotib, Xitoyning yangi energiya manbalarida ishlaydigan avtomobillar bozorida BYD va Geely Galaxy’dan keyin uchinchi o‘rinni egalladi. A10 modeli kompaniyaning oylik savdosining qariyb 30 foizini ta’minladi. A05 esa BYD Dolphin, Chery QQ3 va Geely EX2 kabi ixcham elektromobillar bilan raqobatlashishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Leapmotor kompaniyasi yangi modellarini taqdim etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek