GWM Ora 5 modelining yangi versiyasini tayyorlamoqda

10-avgust 2026 08:46 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
GWM Ora 5 modelining yangi versiyasini tayyorlamoqda
Foto: MIIT

Great Wall Motor (GWM) GWM Ora 5 modelining yangi versiyasini tayyorlamoqda. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi (MIIT) hujjatlarida Ora 5’ning PHEV versiyasi paydo bo‘ldi. Model bozorda Ora 5 GT nomi bilan sotuvga chiqarilishi mumkin.

Yangi avtomobilning paydo bo‘lishi bilan Ora 5 oilasi elektr, an’anaviy gibrid va plug-in gibrid kuch qurilmalarini qamrab oladigan kengroq model qatoriga ega bo‘ladi.

Ora 5 GT kattaroq kuzovga ega bo‘ladi

Ora 5 GT standart Ora 5 bilan taqqoslaganda qayta ishlangan orqa qism va kattaroq umumiy uzunlikka ega.

Modelning uzunligi 4 758 mm, kengligi komplektatsiyaga qarab 1 833 yoki 1 844 mm, balandligi esa 1 630 mm ni tashkil qiladi. G‘ildiraklar bazasi 2 720 mm ga teng. Avtomobil besh o‘rindiqli, yaxlit kuzov konstruksiyasiga ega ixcham SUV sifatida tasniflangan.

Old qism dizayni standart Ora 5’dan deyarli farq qilmaydi. Orqa tomonda esa kuzov bo‘ylab cho‘zilgan chiroqlar va GWM yozuvi o‘rnatilgan. MIIT hujjatlaridagi belgilar avtomobilda GWM’ning Hi2 gibrid texnologiyasi qo‘llanishini ko‘rsatmoqda.

Foto: MIIT

154 ot kuchiga ega motor o‘rnatiladi

Ora 5 GT’ning gibrid tizimi tarkibida Great Wall Motor ishlab chiqaradigan 1,5 litrli GW4B15M turbomotor ishlatiladi. Ichki yonuv dvigatelining quvvati 115 kVt yoki 154 ot kuchini tashkil qiladi. Avtomobilning maksimal tezligi soatiga 190 km etib ko‘rsatilgan.

Elektromotor va tizimning umumiy quvvati, shuningdek, avtomobilning faqat elektr energiyasida bosib o‘ta oladigan masofasi hozircha ochiqlanmagan.

Ora 5 GT uchun 215/50 R18 va 225/60 R18 o‘lchamdagi g‘ildiraklar taklif qilinishi kutilmoqda.

CATL batareyasi qo‘llanadi

GWM’ning yangi energiyada harakatlanuvchi avtomobillarida odatda kompaniyaga aloqador Svolt batareyalari ishlatiladi. Biroq Ora 5 GT’da CATL ishlab chiqaradigan litiy-temir-fosfat — LFP akkumulyatori qo‘llanishi ko‘rsatilgan.

Batareyaning sig‘imi va quvvatlash tezligi haqida hozircha ma’lumot berilmagan.

LiDAR va ilg‘or yordamchi tizimlar ham bo‘lishi mumkin

MIIT hujjatlariga ko‘ra, yuqori komplektatsiyalardagi Ora 5 GT haydovchiga yordam beruvchi zamonaviy tizimlar bilan jihozlanishi mumkin.

Opsiyalar orasida LiDAR, old va yon radarlar hamda yon kameralar qayd etilgan. Bundan tashqari, avtomobil uchun turli dizayndagi g‘ildiraklar, yon oynalar bezaklari, tashqi ko‘zgular va panoramasiz tom varianti ham taklif qilinishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Haval GWM H10 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek