
O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt avtomobilining ikkilamchi bozordagi narxlari sezilarli pasaydi. Bu haqda Avtostrada nashri xabar bermoqda.
Yangi avtomobillarga chegirmalar, imtiyozli avtokredit va foizsiz muddatli to‘lov dasturlari ishlatilgan Cobalt’lar narxiga ham bosim qilmoqda. Ayrim avtomobillar birinchi yilning o‘zida 20–25 mln so‘mgacha qiymat yo‘qotishi mumkin.
Hozir 2023-yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Cobalt avtomobillari asosan 100–115 mln so‘m, 2025–2026-yilgi kam yurgan mashinalar esa 120–130 mln so‘m atrofida sotuvga qo‘yilmoqda.
Bozordagi vaziyatning o‘zgarishiga yangi Cobalt savdosining pasayishi ham ta’sir ko‘rsatgan. 2026-yilning birinchi yarmida model savdosi 39,4 foizga kamaygan. Shundan keyin avtomobil savdosini rag‘batlantirish uchun narxlar pasaytirilib, muddatli to‘lov va boshqa moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytirilgan.
Ishlatilgan Cobalt hozir qancha turadi

Yurgan masofasi 30 ming kilometrgacha bo‘lgan 2023-yilgi Cobalt’lar ikkilamchi bozorda 100–115 mln so‘m oralig‘ida taklif qilinmoqda.
2025–2026-yillarda ishlab chiqarilgan va 15 ming kilometrgacha yurgan avtomobillar uchun esa sotuvchilar ko‘pincha 120–130 mln so‘m so‘ramoqda.
Ayrim holatlarda uch yillik Cobalt bilan deyarli yangi avtomobil o‘rtasidagi farq atigi $1 ming atrofida qolmoqda. Natijada xaridor oldida eski avtomobilni tanlash o‘rniga kam yurgan yoki yangi mashina xarid qilish masalasi paydo bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, bozorda yuqori narx qo‘yayotgan sotuvchilar ham mavjud. Ayrim e’lonlarda 2023-yilgi Cobalt uchun $12,3 ming, ba’zilarida esa $15,5 minggacha narx ko‘rsatilgan. Biroq e’londagi narx avtomobil aynan shu summaga sotilganini anglatmaydi. Takliflar ko‘paygani sari qimmat baholangan mashinalarning xaridor topishi qiyinlashmoqda.
Yangi Cobalt’dagi chegirmalar ikkilamchi bozorga ta’sir qildi
Yangi avtomobilni naqd pulga yoki odatiy avtokredit orqali sotib olayotgan mijozlarga ayrim hollarda 10–15 mln so‘mgacha chegirma taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, Cobalt uchun imtiyozli avtokredit va foizsiz muddatli to‘lov dasturlari ham mavjud.

Bu esa ishlatilgan avtomobil sotuvchilarini yangi Cobalt narxi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobat qilishga majbur qilmoqda. Xaridor yangi avtomobilni chegirma va qulay moliyalashtirish orqali olishi mumkin bo‘lgan sharoitda ikkilamchi bozordagi eski mashinaga yuqori narx to‘lash jozibadorligini yo‘qotadi.
Bozordagi bosim faqat Chevrolet bilan cheklanmayapti. BYD, Kia, Chery, Haval, Geely va boshqa brendlar ham kredit va muddatli to‘lov dasturlarini taklif qilmoqda. Natijada avtomobil ishlab chiqaruvchilari va dilerlar endi nafaqat narx, balki kredit shartlari, kafolat va servis bo‘yicha ham xaridor uchun raqobat qilmoqda.
Cobalt endi avvalgidek «investitsiya» bo‘lmayapti
Uzoq vaqt davomida O‘zbekistonda Cobalt nafaqat transport vositasi, balki qiymatini yaxshi saqlaydigan aktiv sifatida ham qabul qilingan. Avtomobilni bir necha yil ishlatib, uni dastlabki xarid narxiga yaqin yoki ba’zan undan qimmatroqqa sotish holatlari kuzatilgan.
Hozir esa vaziyat o‘zgarib bormoqda. Manba hisob-kitobiga ko‘ra, Cobalt birinchi yilning o‘zidayoq 20–25 mln so‘mgacha qiymat yo‘qotishi mumkin. Qo‘shimcha jihozlar, o‘rindiq g‘iloflari, polik, laminatsiya yoki avtomobilga sarflangan boshqa xarajatlar uning ikkilamchi bozordagi narxini keskin oshirib yubormaydi.
Xaridorlar birinchi navbatda avtomobilning ishlab chiqarilgan yili, yurgan masofasi, texnik holati va yangi mashina bilan narx farqiga e’tibor qaratmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet yana bir avtomobili uchun xarid shartlarini yangilagani haqida yozgan edi.