Krishtianu Ronaldu maydondan tashqarida qanday inson

30-avgust 2026 09:29 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: LaPresse

Krishtianu Ronaldu bilan Saudiya Arabistonida bir jamoada to‘p surgan ispaniyalik sobiq himoyachi Alvaro Gonsales portugaliyalik yulduzning kiyinish xonasidagi xulqi haqida gapirdi. Uning aytishicha, Ronaldu kundalik hayotda oddiy va jamoadoshlariga yordam beradigan inson, biroq maydonga chiqqach butunlay o‘zgaradi.

«Ochig‘ini aytsam, buni biz bilan umumiy bo‘lgan boshqa jamoadoshlarimiz bilan ham gaplashib tasdiqlaganman — u kiyinish xonasida haqiqiy fenomen», — dedi Gonsales.

Maydonga chiqishi bilan butunlay o‘zgaradi

Gonsalesning so‘zlariga ko‘ra, Ronaldu kiyinish xonasidan futbol maydoniga chiqqan zahoti uning fe’l-atvori keskin o‘zgaradi.

«U kiyinish xonasidan maydonga chiqishi bilan butunlay boshqa odamga aylanadi», — dedi ispaniyalik futbolchi.

U Ronalduni o‘yin va mashg‘ulotlar vaqtida «raqobatga chanqoq haqiqiy yirtqich» deb ta’rifladi. Gonsalesning fikricha, portugaliyalik hujumchining yuqori darajada qolishiga aynan uning g‘alabaga bo‘lgan kuchli intilishi va o‘ziga qo‘yadigan talablari katta ta’sir ko‘rsatadi.

Kiyinish xonasida esa Ronaldu boshqacha

Sobiq jamoadoshiga ko‘ra, maydondagi talabchan va keskin Ronaldu bilan kundalik hayotdagi Ronaldu o‘rtasida katta farq bor.

«Kiyinish xonasida u juda oddiy, yaqinlashish oson bo‘lgan va sizga yordam beradigan inson», — dedi Gonsales.

U Ronalduning Saudiya Arabistoniga kelganidan keyingi davrni ham alohida esladi. Uning aytishicha, o‘sha mavsum davomida jamoada ayrim muammolar yuzaga kelgan va portugaliyalik futbolchi jamoadoshlarini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilgan.

«U kelganida bizga juda katta yordam berdi. O‘sha yili ayrim voqealar yuz berayotgan edi va u bizga hamma masalada ko‘maklashdi», — dedi sobiq himoyachi.

Gonsales uchun jahon futbolining eng taniqli yulduzlaridan biri bilan yaqindan tanishish Saudiya Arabistonidagi faoliyatining eng esda qolarli jihatlaridan biri bo‘lgan.

«Buni o‘z ko‘zing bilan ko‘rib, shaxsan boshdan kechirganingda, taassurot yanada boshqacha bo‘ladi», — dedi u.

Mashg‘ulotlarda ham kurash to‘xtamagan

Suhbat davomida Gonsales Ronalduning mashg‘ulotlardagi xarakteri haqida ham gapirdi. Undan portugaliyalik yulduz bilan mashg‘ulotlarda keskin kurashlarga kirishishga jur’at qilgan-qilmagani so‘ralganida, u «har doim» deb javob berdi.

Bunday vaziyatlarda futbolchilar o‘rtasida keskin qarashlar yoki noroziliklar ham bo‘lib turgan. Biroq Gonsalesning aytishicha, bular uzoqqa cho‘zilmagan.

«Ba’zan bir-birimizga yomon qarab qo‘yardik. Keyin esa jakuziga borib, kulishib, hazillashardik va hammasi o‘tib ketardi», — deya esladi u.

Sobiq futbolchining aytishicha, Ronaldu jamoadoshlaridan ham mashg‘ulotlarda yuqori raqobatni talab qilgan. Portugaliyalik hujumchi Yevropa futbolidan Saudiya Arabistoniga kelganidan keyin ham o‘ziga va atrofidagilarga qo‘yadigan standartlarini pasaytirmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jorjina Rodriges va Krishtianu Ronaldu qanday tanishgani haqida yozgan edi.

Shuningdek