
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov jahon chempionligini qo‘lga kiritish muhimligini, biroq uning asosiy maqsadi dunyo reytingida birinchi o‘ringa chiqish ekanini aytdi.
Shaxmatchining fikricha, hozir jahon shaxmatida avlodlar almashinuvi boshlanmoqda. Shu bilan birga, u norvegiyalik Magnus Karlsenni hozirgi paytda dunyoning eng kuchli shaxmatchisi deb hisoblaydi.
«Maqsadim — dunyoning birinchi raqamli shaxmatchisi bo‘lish»
«Jahon chempionatida g‘alaba qozonish muhim, ammo mening asosiy maqsadim — dunyoda birinchi bo‘lish. 30 yoshdan katta kuchli shaxmatchilar ko‘p, lekin hozir, menimcha, yangi davr boshlanmoqda», – dedi Sindarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Karlsen hozircha boshqa shaxmatchilardan kuchliroq. Biroq muntazam mehnat orqali uning darajasiga yaqinlashish mumkin.
«Agar ishlashda davom etsak, qachondir uning darajasiga yaqinlasha boshlashimiz mumkin. Hozirdan boshlab mening maqsadim — dunyoning birinchi raqamli shaxmatchisi bo‘lish. Albatta, bu juda qiyin, lekin men shu maqsad ustida ishlayman», – deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq Jerar Pike Sindarov va Assaubayevani bronza medali bilan tabriklagani haqida yozgan edi.