
Zeekr kompaniyasi Zeekr 009 miniveni o‘rindig‘ida ishlatiladigan ko‘pik materialni noodatiy usulda sinovdan o‘tkazdi. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, material ustidan avval bir nechta yengil avtomobil, keyin esa og‘irligi 20 tonna bo‘lgan yuk mashinasi o‘tkazilgan.
Ko‘pik ustidan to‘qqizta avtomobil o‘tkazildi
Zeekr 21-sentabr kuni 2026-yilgi Zeekr 009 modelining o‘rindiq tuzilmasiga bag‘ishlangan sinov videosini e’lon qildi.
Dastlab ko‘pik bo‘lagi ustidan Zeekr brendining to‘qqizta avtomobili navbatma-navbat o‘tkazilgan. Ular orasida Zeekr X, Zeekr 007, Zeekr 7 GT, Zeekr 7X, Zeekr 001, Zeekr Mix, Zeekr 8X, Zeekr 9X va Zeekr 009 modellari bo‘lgan. Avtomobillarning umumiy og‘irligi qariyb 20 tonnani tashkil etgan.
Shundan keyin ko‘pik ustidan yana 20 tonnalik Farizon Homtruck H yuk mashinasi o‘tkazilgan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, sinov yakunida materialning tuzilishi o‘zgarmagan va tebranishlarni yutish samaradorligi ham pasaymagan.
Zeekr o‘rindiqda uch qatlamli konstruksiyadan foydalangan
Zeekr 009 o‘rindiqlarida «sendvich» tamoyili asosidagi uch qatlamli ko‘pik tizimi qo‘llanadi.
Yuqori qatlam yuqori elastiklikka ega materialdan, ikkinchi qatlam yuqori zichlikdagi va tez tiklanadigan ko‘pikdan, quyi qism esa nisbatan yumshoq materialdan tayyorlangan.
Zeekr ta’kidlashicha, mazkur konstruksiya oddiy avtomobil o‘rindiqlaridagi ko‘pik bilan solishtirganda tebranishlarni 1,5 baravar samaraliroq kamaytiradi.
Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar 180 darajaga aylanadi
Zeekr 009 salonidagi o‘rindiqlar Nappa terisi bilan qoplangan. Ikkinchi qatordagi alohida kreslolar 180 darajaga aylanishi, «zero gravity» rejimiga o‘tishi mumkin. Shuningdek, ular oyoq tayanchi, isitish, ventilyatsiya va 22 nuqtali massaj funksiyasi bilan jihozlangan.
Avvalroq «Kursiv» UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobilini yangilagani haqida yozgan edi.