
Samarqandda davom etayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 6-turida O‘zbekiston terma jamoasi Hindiston ustidan g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona g‘alabani Nodirbek Yoqubboyev qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik grossmeyster hindistonlik Nihal Saringa qarshi partiyada g‘alaba qozonib, jamoasiga muhim ochkoni taqdim etdi.
O‘yindan oldin juda hayajonlandim
Bahsdan keyin Yoqubboyev uchrashuv kutilganidek murakkab kechganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, partiya boshida vaziyat kutilmaganda o‘zgargan va raqibi o‘yinning dastlabki qismidanoq bosim o‘tkazishga harakat qilgan.
«To‘g‘risi, o‘yindan oldin juda hayajonlandim. Partiyam boshidanoq men uchun kutilmagan vaziyat yuzaga keldi. Raqibim Nihal Sarin o‘yin avvalidan bosim o‘tkazishga urindi. Ammo partiya davomida bir vaziyatda u jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi. U men tayyorlagan tuzoqqa tushib qoldi. Men esa bu imkoniyatdan foydalanib, g‘alaba qozondim», — dedi Yoqubboyev.
Javohir Sindorovga dalda bergan
Yoqubboyev o‘yindan oldin hamyurti Javohir Sindorovga ham dalda berganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa Hindiston ustidan g‘alaba qozonishni oldindan aniq kutmagan, biroq barcha shaxmatchilar yaxshi o‘yin namoyish etsa, ijobiy natijaga erishish mumkinligiga ishongan.
Yoqubboyev o‘z partiyasida vaziyat bir muddat og‘ir kechganini ham tan oldi, biroq imkoniyatdan foydalanib, g‘alabani qo‘lga kiritganini qayd etdi.
Hali oldinda Xitoy, Germaniya va AQSH bor
Grossmeyster Hindistonga qarshi bahs katta bosim va mas’uliyat ostida o‘tganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u jamoa hali bo‘shashmasligi kerakligini aytib, oldinda Xitoy, Germaniya va AQSH kabi kuchli raqiblarga qarshi uchrashuvlar borligini eslatdi.
Yoqubboyevning fikricha, O‘zbekiston terma jamoasi yaxshi sport formasini saqlab qolsa, chempionlik uchun kurashish imkoniyati yuqori bo‘ladi.
O‘zbekiston ketma-ket oltinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi
Hindiston ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng O‘zbekistonning asosiy erkaklar terma jamoasi olimpiadadagi ketma-ket oltinchi g‘alabasini qayd etdi. Jamoa olti turdan keyin 12 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Javohir Sindarov muvaffaqiyatida Nodirbek Abdusattorovning o‘rnini aytgani haqida yozgan edi.