
GAC kompaniyasi Xitoy bozorida yangi GAC Yue 7 plagin-gibrid krossoverini sotuvga chiqardi. Model BYD Ti 7’ga raqobatchi sifatida taqdim etilmoqda.
Avtomobilning boshlang‘ich narxi chegirma bilan 161,8 ming yuan, ya’ni qariyb $24,1 mingni tashkil etadi. Keyinchalik model xalqaro bozorlarga GAC XT80 nomi bilan chiqariladi.
Klirensi 310 mmgacha oshadi
GAC Yue 7 yirik monokok kuzovli krossover bo‘lib, uning uzunligi 5 045 mm, kengligi 2 004 mm va balandligi 1 933 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2 900 mmga teng.
Standart klirens 230 mm. Pnevmatik osma yordamida uni 310 mmgacha oshirish mumkin. Model sariq, qora, kulrang va oq ranglarda taklif etiladi.

100 km/soatga 4,2 soniyada chiqadi
GAC Yue 7 1,5 litrli benzin dvigateli va elektromotorlardan iborat PHEV tizimi bilan jihozlangan. Old uzatmali versiyada 205 kVt, ya’ni 275 ot kuchiga ega elektromotor o‘rnatilgan. U 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,5 soniyada chiqadi.
To‘liq uzatmali versiyada orqa o‘qqa qo‘shimcha 220 kVt, ya’ni 295 ot kuchiga ega elektromotor qo‘shiladi. Ushbu versiya 100 km/soat tezlikka 4,2 soniyada erishadi.
Elektrda 261 kmgacha yuradi
Krossover 28,3 va 50 kVt·soat sig‘imli batareya variantlari bilan taklif qilinadi. Faqat elektr energiyasida yurish zaxirasi CLTC sikli bo‘yicha 161–261 kmni tashkil etadi. WLTP bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 132–214 km atrofida.
Salonida 1,1 metrlik panoramali ekran bor

Avtomobil besh o‘rindiqli salon bilan jihozlangan. Old panelda 1,1 metrli panoramali displey va 15,6 dyuymli markaziy sensorli ekran o‘rnatilgan.
Markaziy konsolda fizik tugmalar, simsiz quvvatlash maydonchasi, yashirin bo‘lim va ikkita stakan ushlagich mavjud.
Ikkinchi qator o‘rindiqlari 127 darajagacha yotqiziladi. Bagaj hajmi 745 litrni tashkil etadi, orqa o‘rindiqlar yig‘ilganda esa 1 860 litrgacha kengayadi.
LiDAR va 27 ta sensor
GAC Yue 7 ADiGO 3.0 haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan. Tizimda jami 27 ta sensor ishlatiladi.
Yuqori komplektatsiyada 192 kanalli LiDAR mavjud. Avtomobil shahar va avtomagistrallarda Navigate On Autopilot funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Biroq tizim L2 darajasiga kiradi, ya’ni haydovchi harakat jarayonini doimiy nazorat qilishi kerak.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri General Motors bir avtomobiliga chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.