
Samsung kompaniyasi Samsung Galaxy S27 Ultra uchun tezkor LPDDR6 xotirasini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
Samsung yangi avlod flagman smartfonlari uchun mo‘ljallangan LPDDR6 operativ xotirasini Qualcomm’ning Snapdragon 8 Elite Extreme Gen 6 chipida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi.
Kompaniya 16 GB sig‘imli LPDDR6 xotira modulini yangi Snapdragon platformasida validatsiyadan o‘tkazganini ma’lum qildi. Xotiraning ma’lumot uzatish tezligi 10,7 Gbit/s gacha yetadi.
Yangi xotira sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan
LPDDR6 avvalgi avlod xotirasiga nisbatan yuqori o‘tkazuvchanlik va energiya samaradorligini ta’minlashi kutilmoqda.
Samsung’ga ko‘ra, bunday imkoniyatlar smartfonning o‘zida ishlaydigan murakkab sun’iy intellekt funksiyalari uchun ayniqsa muhim. AI modellari ko‘proq ma’lumotni tez qayta ishlashi kerak bo‘lgani uchun operativ xotiraning tezligi flagman qurilmalarda tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.
Samsung yangi Snapdragon chipi uchun LPDDR6 xotirasini validatsiyadan o‘tkazgan ilk xotira ishlab chiqaruvchisi bo‘ldi.
Galaxy S27 Ultra yangi Snapdragon chipini olishi mumkin
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Snapdragon 8 Elite Extreme Gen 6 ayrim bozorlarda Galaxy S27 Ultra’da ishlatilishi mumkin. Agar smartfon ushbu protsessor va LPDDR6 xotirasi bilan jihozlansa, bu unumdorlik va qurilmaning o‘zida AI vazifalarini bajarish imkoniyatlarini sezilarli oshirishi mumkin.
Biroq Galaxy S27 Ultra’ning yakuniy apparat konfiguratsiyasi hozircha tasdiqlanmagan.
Exynos 2700 varianti ham ko‘rib chiqilmoqda
Ayrim ma’lumotlarda Samsung Galaxy S27 Ultra’ning ayrim hududlardagi versiyalariga Exynos 2700 protsessorini o‘rnatishi mumkinligi aytilmoqda.
Shuningdek, Galaxy S27 seriyasining ayrim modellari xarajatlarni kamaytirish maqsadida avvalgi avlod LPDDR5X operativ xotirasini saqlab qolishi mumkinligi haqida ham xabarlar mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy M34 uchun One UI 9.0 beta versiyasi chiqqani haqida yozgan edi.