
Ikkinçi örta vaznda WBA böyiça jahon çempionligi kamariga majburiy da’vogar Bektemir Meliqöziyev 6-noyabr kuni Dubayda ringga çiqadi. Özbekistonlik boksçining raqibi tojikistonlik Karomatullo Şaripov böladi.
Muka Boxing Promotions ma’lumotiga köra, jang BAAning Dubay şahridagi Nikki Beach arenasida bölib ötadi.
Meliqöziyev professional faoliyatida 17 ta jang ötkazib, 16 tasida ğalaba qozongan. Ularning 10 tasini nokaut bilan yakunlagan. Şaripov hisobida esa 4 ta ğalaba, 3 ta mağlubiyat va bir durang bor. Uning 3 ta ğalabasi nokaut bilan qölga kiritilgan.
Çempionlik jangi oldidan oraliq bahs böladi
Dubaydagi jang Meliqöziyev uçun ehtimoliy jahon çempionligi bahsi oldidan oraliq uçraşuv böladi.
Avvalroq WBA amaldagi çempion meksikalik Xayme Mungiyaga Nikita Szyuga qarşi ixtiyoriy titul himoyasini ötkazişga ruxsat bergan.
WBA qaroriga köra, uşbu jangdan söng Mungiya jamoasi majburiy da’vogar maqomini saqlab turgan Meliqöziyev bilan jang böyiça muzokaralarni darhol boşlaşi kerak.