Yangiliklar

YI hamda Fors ko‘rfazi davlatlari Eron bilan muloqot qilishga chaqirdi

Tomonlar Livandagi vaziyatdan xavotirda
Foto: KirillM / www.depositphotos.com

Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (GCC) G‘azo sektori va Livandagi keskinlikni yumshatish hamda Eron bilan muloqot qilishga chaqirdi. Bu haqda Bryusselda o‘tkazilgan sammit yakunida e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.

«Biz Yaqin Sharq mintaqasidagi keskinlikning ortayotganidan xavotirdamiz va barcha tomonlarni vazminlikka, shuningdek, ziddiyatlarning yanada kuchayib ketishining oldini olishga hamda joriy zo‘ravonlik siklini tugatish uchun xalqaro diplomatik sa’y-harakatlarga qo‘shilishga chaqiramiz», – deyiladi bayonotda.

YI va GCC G‘azoda darhol sulh tuzish, garovdagilarni ozod qilish va aholiga gumanitar yordam yetkazish imkonini berishga chaqirdi.

Shuningdek, tomonlar Livandagi vaziyatdan xavotirda ekanliklarini bildirdi va u yerda ham darhol sulh tuzish zarurligini ta’kidladilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan HAMAS guruhining «Hizbulloh» va Eronni Isroilga qarshi hujumga birlashishga undagani haqida xabar bergan edi.