
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 3,9 foizga kamaydi. Bu haqda Markaziy bankda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
MB taqdim etgan statistikaga ko‘ra, 2026-yil yanvar – mart oylarida iqtisodiyotga jami 90 trln so‘m miqdorida kredit yo‘naltirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9,1 foiz o‘sish degani (2025-yilning mos davrida o‘sish 53,7 foiz bo‘lgan). Biroq o‘sish faqat yuridik shaxslar hisobiga ro‘y bergan — ularga berilgan kreditlar 18,6 foizga oshgan. Aholi (jismoniy shaxslar) segmentida esa dinamika manfiy ko‘rinish olib, kreditlash hajmi 3,9 foizga qisqargan.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan Kursiv Uzbekistan vakili ushbu keskin sekinlashish va aholi kreditlaridagi pasayishning sabablari hamda bank tizimi uchun ehtimoliy xavflari haqida savol berdi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetov savolga javob berar ekan, bu holatni kutilgan natija va maqsadli siyosat samarasi deb baholadi.

Aholi qarz yuki — asosiy xavf sifatida
Berilgan kreditlar miqdori pasayishi regulyator raisi makroprudensial choralarning natijasi deb baholadi.
«Bizningcha, aholi oʻrtasida qarz yuki oshib ketishi masalasini jiddiy va xavfli hisoblaymiz. Shuning uchun ham biz bir qator meʼyorlarni kiritganmizki, banklar aholiga kredit ajratayotganda, aynan shu fuqaroning qarzdorlik darajasini inobatga olishi, yaʼni qarzdorligi ma’lum bir miqdordan oshgandan keyin kredit bermaydi», – deya ta’kidladi Timur Ishmetov.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilda mikroqarzlar va qarz yuki bo‘yicha yangi qoidalar ishga tushirildi.
Timur Ishmetov: «Yaxshi yoki yomon ko‘rsatkichning o‘zi yo‘q»
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ushbu dinamikani izohlar ekan, kreditlash hajmining o‘zgarishi bevosita joriy iqtisodiy sharoit va pul-kredit siyosati bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
«Bu yerda ma’lum bir o‘sish yaxshi yoki yomon deb ko‘rsatkichning o‘zi yo‘q. Uni joriy sharoit va pul-kredit siyosatining joriy holati va biz yuritayotgan [siyosatga] bog‘liq bo‘ladi», – dedi MB rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda regulyator inflyatsiyani pasaytirish maqsadida qat’iy siyosat olib bormoqda. Agarda vaziyat o‘zgarsa va qat’iylik darajasini tushirish kerak bo‘lsa, bank «yumshoqroq siyosat» yuritishga o‘tadi.
Shuningdek, Ishmetov bank tizimidagi strukturaviy likvidlik profitsiti haqida to‘xtalib o‘tdi. Uning tushuntirishicha, bozorda likvidlikning haddan ziyod ko‘pligi inflyatsiyaga salbiy bosim o‘tkazishi mumkin. Shuning uchun ham MB likvidlikni pasaytirish bo‘yicha operatsiyalarni o‘tkazmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan avvalroq banklar 2025-yilni qanday yakunlagani haqida tahliliy sharhini e’lon qilgan edi.