Yangiliklar

AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksporti 5 milliard dollarga yetkaziladi

Sohada 300 ming nafar yoshni band qilinadi
AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksporti 5 milliard dollarga yetkaziladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev SI va raqamlashtirishda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar bilan tanishdi. Unda O‘zbekiston AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksportini $5 mlrdga yetkazishi ma’lum qilindi.

Strategik maqsadlar va iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq, AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksportini $5 mlrdga yetkazish, sohada 300 ming nafar yoshni band qilish hamda mamlakatni BMT Elektron hukumat indeksida yetakchi 30 davlat qatoriga kiritish rejalashtirilgan. So‘nggi besh yilda sohada yalpi qo‘shilgan qiymat o‘rtacha 24,8 foizga o‘sib, YIM o‘sishidan 3,5 barobar yuqori bo‘lgan. Axborot va aloqa sohasida bandlar soni 64,3 mingdan 108,8 ming nafarga, o‘zini o‘zi band qilganlar esa 10 mingdan 181 ming nafarga yetgan. Hozirda 11 ming 900 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritmoqda.

Sun’iy intellekt loyihalari va infratuzilma

Hozirda sun’iy intellekt yo‘nalishida 100 ga yaqin amaliy loyiha va 200 dan ortiq tajriba-sinov tashabbuslari amalga oshirilmoqda. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida sun’iy intellektni joriy etish natijasida energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga kamayib, mehnat unumdorligi 10 foizga oshgan. Ushbu yo‘nalishni rivojlantirish uchun $24 mlnlik GPU-klaster ishga tushirilgan, yil yakunigacha yana $45 mlnlik uskunalar jalb etilishi rejalashtirilgan.

Tarmoqlarda sun’iy intellektni keng joriy etish

Kelgusida tibbiyot, energetika, transport, bojxona, soliq va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda 130 dan ortiq ma’lumotlar bazasini tizimlashtirish va sun’iy intellekt modellarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu orqali davlat xizmatlari kengaytiriladi, boshqaruv samaradorligi oshiriladi va iqtisodiy xarajatlar kamaytiriladi. Shuningdek, sog‘liqni saqlashda kasalliklarni erta aniqlash, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni prognoz qilish, transportda «aqlli» tizimlarni rivojlantirish kabi loyihalar kengaytiriladi.

Startaplar va IT ekotizimini rivojlantirish

Mamlakatda startaplar soni 950 taga yetib, bir yil ichida 37,5 foizga oshgan. Venchur fondlar soni 22 taga, ekotizim qiymati esa $4,3 mlrdga yetgan. Startaplarga kiritilgan investitsiyalar hajmi $132 mlnni tashkil etmoqda. Shuningdek, startaplar uchun prezident tanlovi mukofot jamg‘armasi $5 mlnga oshirilib, sun’iy intellekt yo‘nalishida $1 mlnlik yangi tanlovlar joriy qilingan.

Raqamli infratuzilma va kadrlar tayyorlash

Hududlarda IT-Park filiallarini kengaytirish, xususan, Samarqand, Namangan, Sirdaryo va Buxoroda yangi markazlar tashkil etish rejalashtirilgan. Nurafshon shahrida $200 mlnlik raqamli R&D markazi barpo etiladi. «5 million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasi doirasida mutaxassislar tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, maktablarda raqamli infratuzilmani yaxshilash, 2030-yilgacha 16 mingta kompyuter sinfini yangilash va bepul Wi-Fi joriy qilish zarurligi qayd etildi.

Telekommunikatsiya va kiberxavfsizlik

Telekommunikatsiya qamrovi 41 foizdan 98 foizga yetgan, internet o‘tkazish qobiliyati esa 65 barobar oshib, 4,4 ming Gbit/s ga chiqqan. Bozor hajmini har yili kamida 10 foizga oshirib, joriy yilda 27,5 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, davlat axborot tizimlarini yagona platforma orqali integratsiya qilish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish va muntazam IT-audit joriy etish vazifalari belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishgan edi.