
Globallashuv davrida insonlarning dunyo bo‘ylab harakatlanishi osonlashgani sari, internatsional oilalar soni ham ortib bormoqda. Bugun turli millat, til va madaniyat vakillarining bir tom ostida, bitta oilaga aylanib yashashi ko‘pchilik uchun odatiy holga aylangan.
Kursiv Uzbekistan turli xil madaniyatlar chorrahasida barpo bo‘lgan oilalar bilan suhbatlashdi. Bizning qahramonlarimiz AQSh va Kanada o‘rtasida ko‘prik qurgan o‘zbek va turkman madaniyati vakillari Malika hamda Rauf va Rossiyadan O‘zbekistonga ko‘chib kelgan tatarcha-o‘zbekcha muhabbat egalari Nuriya hamda Saidyahyo.
Mundarija:
- Tanishuv tarixi
- Jiddiy qadamlar va oilalar tanishuvi
- Madaniyatdagi farq va o’xshashliklar
- Oila totuvligi va muammolarni hal qilish
- Internatsional nikoh ostonasida turganlarga maslahat
Tanishuv tarixi
Tasavvur qiling, bir inson Nyu-Yorkda, ikkinchisi Kanadada yashaydi. Yoki biri Boshqirdistondan, ikkinchisi Toshkentdan. Ularni nima bog‘lashi mumkin?
Malika va Raufning hikoyasi zamonaviy texnologiyalar mo‘jizasiga o‘xshaydi.
«Biz dunyo mamlakatlari haqida A dan Z gacha hikoya qiluvchi mashhur «Geography Now» YouTube ko‘rsatuvi orqali tanishganmiz. Loyihaning Turkmanistonga bag‘ishlangan sonida qatnashish uchun men Nyu-Yorkdan Los-Anjelesga bordim, Rauf esa o‘z qismini Kanadadagi uyidan turib tayyorlagan edi», — deya xotirlaydi Malika.
Ko‘rsatuv efirga uzatilgach, Rauf Instagram orqali Malikaga xabar yozadi. Yozishmalar davomida ularning dunyoqarashi, san’at tarixi va tillarga bo‘lgan qiziqishi bir xil ekani ma’lum bo‘ladi. Ikkisi ham Shimoliy Amerikada o‘sgan birinchi avlod turkmanlaridan edi.
Nuriya va Yahyoning tanishuv tarixi esa xuddi romantik kinolardagidek boshlangan. Ular Rossiyadagi tibbiyot universitetida o‘qib yurgan kezlari tanishishgan.
«Hozir ikkalamiz ham shifokor-ordinatorlarmiz. U talabalar almashinuvi dasturi bo‘yicha endigina o‘qishga kelgan vaqtda biz liftda uchrashib qoldik. Ikki og‘iz gaplashdik, shundan so‘ng men uning xayolidan ketmabman. Ismimni ham, raqamimni ham bilmasdi. Meni talabalar chatidan izlab topgandan keyingina yana muloqotni tiklay oldi. Keyin hammasi jadal rivojlanib ketdi», — deydi asli boshqirdistonlik tatar qizi bo‘lgan Nuriya.
Nuriyani eng ko‘p hayratga solgan narsa Yahyoning yordamga tayyorligi bo‘lgan. «Bu xususiyat unda juda yorqin namoyon bo‘lardi. O‘ylashimcha, bu uning mentalieti bilan bog‘liq. O‘zbeklar yordam berishga doim ochiq bo‘lishadi».
Jiddiy qadamlar va oilalar tanishuvi

Malika va Rauf munosabatlariga boshidanoq jiddiy yondashishdi. Islom diniga qat’iy amal qiluvchi yoshlar barchasi o‘zaro hurmat doirasida bo‘lishini xohlashdi. Uchinchi uchrashuvdayoq Rauf Malika bilan tanishtirish uchun Kanadadan o‘z ota-onasini olib keldi. Malikaning otasi qizi yakkayu yagona bo‘lgani uchun avvaliga xavotirga tushgan bo‘lsa-da, amerika va kanada qadriyatlari o‘zaro yaxshi chiqishib ketishi ota-onaga xotirjamlik berdi.

Nuriya esa turmushga chiqqanidan so‘ng, universitetni tamomlab, Yahyo bilan O‘zbekistonga ko‘chib keldi. Ko‘pchilik chet ellik qizlar uchun O‘zbekistondagi kelinlik hayoti qo‘rqinchli tuyulishi mumkin, ammo Nuriya bu stereotiplarni inkor etadi:
«Aytgancha, menda jabrdiyda kelin haqidagi hech qanday tarix yo‘q. Turmush o‘rtog‘imning ota-onasi juda mehribon, e’tiborli va zamonaviy insonlar. Ular o‘z farzandlarining qulayligi va farovonligini qadrlashadi. Shunday ekan, ertalab soat 5 da turish haqidagi gaplarni men faqat birovlarning hikoyalaridagina eshitaman».
Madaniyatdagi farq va o’xshashliklar
Ikki xil madaniyat ostida tarbiya topgan yoshlar uchun oilaviy hayotning dastlabki kunlarida o‘ziga xos yangiliklar, hatto kulgili holatlar ham bo‘ldi. O‘zbekona tarbiya ko‘rgan Malika uchun Raufning oilasida hammaga nisbatan faqat «sen» deb murojaat qilinishi kutilmagan holat edi.
«Turkmanlarda faqat begonalarga yoki martabali insonlargagina «siz» deyiladi. Men esa hozir ham uning ota-onasiga o‘zbekona hurmat bilan «siz» deyman, ular buni xursandchilik bilan qabul qilishadi», — deydi Malika.
Yana bir farq shunda ediki, o‘zbeklar mehmonga doim ovqat qistab turishsa, amerika madaniyatiga yaqin bo‘lgan turkmanlar faqat bir-ikki marta taklif qilish bilan cheklanishadi.
O‘zbekistonga kelgan Nuriyani esa tillar va oshxonadagi farqlar kutib turgan edi.
«Biz asosan o‘zbek taomlarini iste’mol qilamiz, men va oila a’zolarim uchun u ancha boy va mazali. Bir marta men tovuq go‘shti, qirg‘ichdan o‘tkazilgan sabzi va ketchup qo‘shib «rossiyacha palov» tayyorladim. Ular uchun palovning bunday talqinini ko‘rish juda qiziq va kulgili bo‘lgan edi», — deya jilmayadi Nuriya.
Oilada asosan rus tilida gaplashishsa-da, tatar va o‘zbek tillaridagi o‘xshashliklar Nuriyaga mahalliy tilni o‘zlashtirishda qo‘l kelmoqda. Qizig‘i shundaki, Yahyoning bobosi rus tilini mukammal bilsa ham, Nuriya bilan faqat o‘zbek tilida gaplashadi. U o‘z tiliga sodiq va kelinining ham tezroq o‘zbek tilini o‘rganishini xohlaydi.
«Bobomiz mendan nimadir so‘rasa, erim yonimda turib, yuz ifodalari va imo-ishoralar bilan nima deb javob berishim kerakligini ko‘rsatib turadi», — deydi qahramonimiz.
Oila totuvligi va muammolarni hal qilish
Turli millat vakillari bo‘lishiga qaramay, Malika va Rauf kelishmovchilik chiqqanda muammoni shunchaki «yuzma-yuz o‘tirib, gaplashib olish» orqali tezda hal qilishni o‘rganishgan. Ikkala oila ham G‘arb madaniyatida yashagani uchun ularda ochiq muloqot muammolarni yechishning eng oson yo‘lidir.
Toshkentdagi hayotga moslashayotgan Nuriya uchun esa kishilar bilan o‘zaro munosabat qurishdagi farqlar katta maktab bo‘ldi. U sokin, introvert hayot tarziga o‘rgangan edi, shuning uchun boshida bitta oddiy kechki ovqatga uning bolaligidagi tug‘ilgan kunidan ham ko‘proq odam yig‘iladigan oilaviy o‘tirishlar uni biroz shokka tushirgan. Bu yerda qarindoshlik rishtalarining qadri juda baland.
«Men uchun eng qiyini qanday vaziyat bo‘lmasin odamlar bilan muloqotni uzmaslikni o‘rganish bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im menga hech qachon ziddiyatga bormaslikni o‘rgatadi. Rossiyada, ayniqsa mening tengdoshlarim orasida shaxsiy chegaralar tushunchasi juda ommalashgan: agar xohlamasangiz — burilib ketish va aloqani uzish osonroq. Bu yerda esa hatto yo‘lda mashinangizni urib olgan odam bilan ham qo‘l berib ko‘rishasiz».
Internatsional nikoh ostonasida turganlarga maslahat
Turli qit’alarda, turli xil hayot tarzini kechirayotganiga qaramay, har ikki ayolning internatsional oila qurmoqchi bo‘lganlarga beradigan maslahatlari bir joyda tutashadi: sabr va hurmat.
Malika: «Doimo o‘xshashliklarni izlang va ularni o‘rganishga harakat qiling. Dasturxonda uyg‘unlashtirish mumkin bo‘lgan o‘xshash taomlar bormi? Tilda o‘xshash unli tovushlar bormi? Qachonki umumiy o‘xshashlik topilsa, kelishish va «oltin o‘rtalik»ni topish ancha osonlashadi».

Nuriya: «Chet ellik insonga turmushga chiqmoqchi bo‘lgan qizlarga moslashuvchan bo‘lishni, eriga ishonishni va uning mentalitetiga moslashishni maslahat beraman. Ammo bundan oldin, hayot yo‘ldoshini tanlashda adashmaganingizga, u sizni va sizning qadriyatlaringizni birinchi o‘ringa qo‘yishiga ishonch hosil qiling. Munosabatlarga vaqt bering, qisqa vaqt ichida shoshilinch turmushga chiqmang. Insonning asl tabiati birinchi oylardayoq namoyon bo‘lmaydi, uning chet ellik yoki yo‘qligidan qat’i nazar».
Haqiqiy muhabbat uchun na mamlakatlar o‘rtasidagi masofa, na tildagi farqlar va na madaniyatdagi turli-tumanlik to‘siq bo‘la oladi. Asosiysi bir-birini eshitish, yon berishni bilish va eng muhimi, yarim yo‘lda uchrashib birgalikda oldinga intilishdir
