
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida qayd etgan ilk durangidan so‘ng partiya qanday kechgani haqida gapirdi.
To‘rtinchi turda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Turkiyaga qarshi bahs olib bordi va 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi. Sindarov turkiyalik grossmeyster Ediz Gurelga qarshi o‘ynab, durang qayd etdi. Bu uning Olimpiada – 2026 doirasidagi ilk durangi bo‘ldi.
Vaqt tanqisligi qarorga ta’sir qildi
Sindarovning aytishicha, partiya boshidanoq u uchun qulay kechmagan. Shunga qaramay, grossmeyster o‘yin davomida vaziyatni tenglashtira olgan.
«Bugungi partiya ancha murakkab o‘tdi. Dastlab men o‘zim uchun biroz noqulay pozitsiyaga tushib qoldim. Shunga qaramay, asta-sekin vaziyatni tenglashtirdim. Yakunda holat yana biroz murakkablashganida vaqt tanqisligi sabab g‘alaba uchun imkoniyatlarni izlashni davom ettirmadim va durangga rozi bo‘ldim», – dedi Sindarov.
Asosiy maqsad jamoaviy g‘alaba bo‘lgan
Grossmeyster durang natijasini yomon deb hisoblamasligini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qolgan taxtalarda O‘zbekiston shaxmatchilarining ustunligi ko‘rinib turgan.
«Menimcha, bu yomon natija emas. Chunki boshqa taxtalarda bizda ancha katta ustunlik borligini ko‘rib turdim. Asosiy maqsad — jamoaviy uchrashuvda g‘alaba qozonish edi va biz shu maqsad sari harakat qildik», – degan u.
O‘zbekiston Turkiyani mag‘lub etdi
To‘rtinchi tur yakunida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Turkiyani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi. Sindarov esa Olimpiadadagi avvalgi uch partiyasida g‘alaba qozonganidan keyin ilk bor ochko bo‘lishdi. Turnir Samarqandda davom etmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Javohir Sindarovning g‘alabasi e’tirof etilgani haqida yozgan edi.