
Gibrid avtomobillar benzinli mashinalar va elektromobillar o‘rtasidagi samarali muqobil hisoblanadi. Jalopnik portali EPA ma’lumotlariga tayangan holda, 2026-yilning birinchi yarmida AQShda yaxshi sotilgan va eng tejamkor besh gibrid avtomobil reytingini tuzdi. Kuchli beshlikdan Toyota’ning birdaniga to‘rtta modeli joy oldi.
Toyota Camry — 4,6 l/100 km

Birinchi o‘rinda Toyota Camry turibdi. Old g‘ildirakdan tortuvchi LE versiyasi aralash siklda 100 kilometrga 4,6 litr yonilg‘i sarflaydi. 2026-yilning dastlabki olti oyida AQShda Camry gibridining 179 ming donasi sotilgan.
Avtomobil 2,5 litrli dvigatel asosidagi gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlangan. Uning umumiy quvvati 225 ot kuchiga yetadi. To‘liq uzatmali versiyaning quvvati 232 ot kuchi bo‘lsa-da, eng tejamkor variant aynan old g‘ildirakdan tortuvchi modifikatsiya hisoblanadi.
Toyota RAV4 — 5,5 l/100 km

Ikkinchi o‘rinni yangi Toyota RAV4 egalladi. 2026 model yilidan boshlab avtomobil gibrid versiyada ham taklif qilina boshladi. Old g‘ildirakdan tortuvchi variant 100 kilometrga 5,5 litr yonilg‘i sarflaydi, kuch qurilmasining quvvati esa 226 ot kuchini tashkil etadi.
2026-yilning birinchi yarmida AQShda 118 mingta gibrid RAV4 sotilgan. To‘liq uzatmali versiyaning quvvati 236 ot kuchiga yetadi, biroq uning yoqilg‘i sarfi ham yuqoriroq.
Honda CR-V — 5,9 l/100 km

Uchinchi o‘rindan Honda CR-V Hybrid joy oldi. Uning yonilg‘i sarfi 100 kilometrga 5,9 litrni tashkil etadi. Old g‘ildirakdan tortuvchi versiyaning quvvati 204 ot kuchiga yetadi. 2026-yilning dastlabki olti oyida gibrid modifikatsiyaning 124 ming donasi sotilgan.
CR-V AQSh bozoridagi eng ommabop avtomobillardan biri hisoblanadi. Shu davrda benzinli versiyalarni ham qo‘shib hisoblaganda, modelning 226,1 ming donasi sotilgan.
Hyundai Tucson — 6,2 l/100 km

To‘rtinchi o‘rinda Hyundai Tucson Hybrid turibdi. Old g‘ildirakdan tortuvchi eng tejamkor versiya 100 kilometrga 6,2 litr yonilg‘i sarflaydi. Gibrid kuch qurilmasining umumiy quvvati 231 ot kuchiga yetadi.
2026-yilning birinchi yarmida Hyundai AQShda Tucson modelining barcha versiyalarini qo‘shib hisoblaganda 117,6 mingta avtomobil sotgan. Avgust oyida kompaniya krossoverning beshinchi avlodini taqdim etdi. Yangi model ham gibrid versiyada taklif qilinadi.
Toyota Sienna — 6,5 l/100 km
Kuchli beshlikni reytingdagi yagona miniven – Toyota Sienna yakunlaydi. Katta o‘lchami va vazniga qaramay, uning old g‘ildirakdan tortuvchi gibrid versiyasi 100 kilometrga 6,5 litr yonilg‘i sarflaydi.
Model 2,5 litrli dvigatel va elektr motorlardan iborat gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlangan. Tizimning umumiy quvvati 245 ot kuchini tashkil etadi. 2026-yilning dastlabki olti oyida AQShda Toyota Sienna’ning 55,2 ming donasi sotilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobilini yangilagani haqida yozgan edi.