Hongqi Tiangong 07 avtomobili sotuvga chiqdi — narx

22-sentabr 2026 15:15 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Hongqi Tiangong 07 avtomobili sotuvga chiqdi — narx
Foto: FAW

FAW kompaniyasiga qarashli Hongqi brendi Xitoyda yangi Hongqi Tiangong 07 elektromobiliga oldindan buyurtmalar qabul qilishni boshladi. Model uchta komplektatsiyada taklif etiladi.

Avtomobilning rasmiy dastlabki narxi 189,9 ming yuandan 219,9 ming yuangacha, ya’ni taxminan $27,9–32,3 mingni tashkil etadi. Cheklangan muddat davomida esa maxsus narx 169,9 ming yuandan, ya’ni qariyb $25 mingdan boshlanadi.

Elektromobil 730 kmgacha yo‘l bosadi

Hongqi Tiangong 07 800 voltli yuqori kuchlanishli platformada qurilgan. Model bir yoki ikki elektromotorli variantlarda taklif qilinadi.

Bir motorli versiya 340 kVt, ya’ni 456 ot kuchiga ega. U 0 dan 100 km/soat tezlikka 5,6–5,8 soniyada chiqadi.

Foto: FAW

Ikki motorli versiyaning umumiy quvvati 530 kVtgacha yetadi. Maksimal aylanish momenti 770 Nm bo‘lib, avtomobil 100 km/soat tezlikka 3,5 soniyada erishadi.

Model 75 yoki 85 kVt·soat sig‘imli LFP batareyalar bilan jihozlanadi. CLTC sikli bo‘yicha maksimal yurish zaxirasi 730 km, WLTP bo‘yicha esa 591 kmgacha yetadi. 800 voltli arxitektura batareyani 10 foizdan 80 foizgacha 12 daqiqa yoki undan kam vaqtda quvvatlash imkonini beradi.

Foto: FAW

Salonida 17,3 dyuymli ekran bor

Tiangong 07 salonida 8,88 dyuymli raqamli asboblar paneli va 17,3 dyuymli markaziy sensorli ekran o‘rnatilgan. Multimedia tizimi Qualcomm 8397 chipida ishlaydi va Apple CarPlay, Huawei HiCar hamda ICCOA Carlink’ni qo‘llab-quvvatlaydi.

Old yo‘lovchi o‘rindig‘i 16 yo‘nalishda elektr sozlanadi hamda isitish, shamollatish va massaj funksiyalariga ega. O‘rindiq to‘liq yotqizilganda uning uzunligi 1,617 metrga yetadi.

Shuningdek, avtomobil 18 ta dinamikli Bose audiotizimi va 1,87 kvadrat metrli panoramali tom bilan jihozlangan.

LiDAR va avtomatik parkovka tizimi mavjud

Elektromobil 384 kanalli LiDAR hamda Hongqi Sinan Intelligent Driving 5.0 haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan.

Tizim avtomagistral va shaharda harakatlanishda yordam berish, avtomatik parkovka, bir necha qavatli avtoturargohlarda yo‘nalishni eslab qolish hamda avtomatik manevr qilish funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Uzunligi 5 metr

Hongqi Tiangong 07 uzunligi 5 000 mm, kengligi 1 915 mm va balandligi 1 490 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3 000 mmga teng.

Model yopiq radiator panjarasi, yashirin eshik tutqichlari, besh spitsali g‘ildirak disklari va orqa qism bo‘ylab cho‘zilgan chiroqlar bilan ajralib turadi.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Tahoe 2027 narxlari ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek