
Chevrolet Cobalt O‘zbekistonda Qozog‘istondagiga qaraganda arzonroq sotilmoqda. O‘zbekistonda Style MCM komplektatsiyasidagi yangi Cobalt narxi 156,1 mln so‘mni tashkil etsa, Qozog‘istonda 2026-yilda ishlab chiqarilgan avtomobil narxi 6,5 mln tengedan (171 mln so‘m) boshlanadi.
Narxdagi farq ikki oylik o‘rtacha ish haqidan ko‘p
O‘zbekistonda 2026-yil yanvar–iyun oylarida o‘rtacha oylik ish haqi 7,1 mln so‘mni tashkil etgan. Cobalt narxlaridagi 14,9 mln so‘mlik tafovut O‘zbekistondagi ikki oylik o‘rtacha ish haqidan ham yuqori.
Qozog‘istonda esa o‘rtacha oylik ish haqi 480,5 ming tenge yoki qariyb 12,7 mln so‘mni tashkil etadi.
Shu bilan birga, ikki davlatdagi rasmiy narxlarni avtomobilni bir mamlakatdan ikkinchisiga olib kirish xarajati bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Mustaqil importda avtomobil narxiga yetkazib berish, bojxona to‘lovlari, QQS, utilizatsiya yig‘imi, birlamchi ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqa xarajatlar qo‘shiladi.
Tucson O‘zbekistonda qariyb 99 mln so‘m qimmatroq

Ayrim krossoverlarda esa vaziyat aksincha: ularni Qozog‘istonda sotib olish mahalliy bozordagi narxga nisbatan arzonroq. Hyundai Tucson Qozog‘istonda 12,5 mln tengedan, ya’ni qariyb 330 mln so‘mdan boshlanadi. O‘zbekistonda esa model narxi taxminan 429 mln so‘mdan boshlanadi.
Narxlar o‘rtasidagi farq qariyb 99 mln so‘mni tashkil etadi. Demak, Tucson O‘zbekistonda Qozog‘istondagidan qariyb 30% qimmatroq.
Kia Sportage narxida qariyb 94 mln so‘m farq bor

Kia Sportage ham Qozog‘istonda arzonroq. Qo‘shni mamlakatda model narxi 12,8 mln tenge yoki qariyb 338,5 mln so‘mdan boshlanadi. O‘zbekistonda esa Sportage’ning boshlang‘ich narxi 432,2 mln so‘mni tashkil etadi.
Natijada narxlar o‘rtasidagi farq 93,7 mln so‘mga yetadi. O‘zbekistondagi narx Qozog‘istondagidan qariyb 28% yuqori.
Xitoy avtomobillarida ham farq Qozog‘iston foydasiga
Changan CS55 Plus Qozog‘istonda qariyb 277,7 mln so‘mga taklif qilinmoqda. O‘zbekistonda uning narxi 301,5 mln so‘mni tashkil etadi.
Bu modelda farq 23,8 mln so‘m yoki qariyb 8,6% ni tashkil qiladi.
Hyundai Mufasa Qozog‘istonda taxminan 317,4 mln so‘m, O‘zbekistonda esa 370,3 mln so‘m turadi. Narxlar o‘rtasidagi tafovut 52,9 mln so‘mga yetadi. O‘zbekistonda model qariyb 16,7% qimmatroq.
Jetour X70 bo‘yicha ham shunga o‘xshash holat kuzatiladi. Qozog‘istonda avtomobil narxi qariyb 261,8 mln so‘mni, O‘zbekistonda esa 288,3 mln so‘mni tashkil etadi. Bu holatda farq 26,5 mln so‘m yoki qariyb 10,1% ga teng.
Avvalroq «Kursiv» UzAuto Motors Chevrolet Damas uchun aksiyani yo‘lga qo‘ygani haqida yozgan edi.