Voyah Dreamer 9 avtomobili taqdim etildi — tafsilotlar

23-sentabr 2026 07:59 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Voyah

Xitoyning Voyah brendi yangi flagman Voyah Dreamer 9 minivenini rasman taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.

1500 km gacha yurish zaxirasi

Dreamer 9’ning plagin-gibrid versiyasi 1,5 litrli turbomotor va ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Elektromotorlarning umumiy quvvati 761 ot kuchiga teng.

65 kVt·soat sig‘imli akkumulyator avtomobilga faqat elektr energiyasida 340 km masofa bosib o‘tish imkonini beradi. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, avtomobilning umumiy yurish zaxirasi CLTC sikli bo‘yicha 1500 km ga yetadi.

Foto: Voyah

Gibrid 0 dan 100 km/soat tezlikka 5,9 soniyada chiqadi. Akkumulyator quvvati tugagan holatda yoqilg‘i sarfi 100 km ga 5,55 litrni tashkil etadi. 800 voltli arxitektura va 5C tezkor quvvatlash texnologiyasi yordamida batareyani 20 foizdan 80 foizgacha 12 daqiqada quvvatlash mumkin.

To‘liq elektr versiyada esa 120 kVt·soat sig‘imli batareya va jami 646 ot kuchiga ega ikkita elektromotor o‘rnatilgan. Uning yurish zaxirasi 700 km ni tashkil etadi, 100 km/soat tezlikka chiqish uchun ham 5,9 soniya talab qilinadi.

Orqa g‘ildiraklar ham buriladi

Dreamer 9 uch kamerali pnevmatik osma va moslashuvchan EDC amortizatorlarini oldi. Old qismda qo‘sh ko‘ndalang richagli, orqa qismda esa besh richagli konstruksiya qo‘llanilgan.

Orqa g‘ildiraklar har ikki tomonga 10 darajagacha burila oladi. Bu katta o‘lchamdagi minivenni tor joylarda boshqarish va to‘xtash joylarida manevr qilishni osonlashtiradi. To‘liq uzatma tizimi esa yo‘l sharoitiga qarab tortish kuchini o‘qlar o‘rtasida avtomatik taqsimlaydi.

Haydovchiga yordam beruvchi tizimlar Huawei Qiankun ADS 5 platformasi asosida ishlaydi. Kompleks jami 37 ta sensor, yangi lidar va ko‘r zonalarni nazorat qiluvchi uchta radarni o‘z ichiga oladi.

Foto: Voyah

Salon yo‘lovchilar qulayligiga moslashtirilgan

Miniven salonida asosiy e’tibor ikkinchi va uchinchi qatordagi yo‘lovchilar qulayligiga qaratilgan. Ikkinchi qator o‘rindiqlarini siljitish hamda 45, 90 yoki 180 darajaga burish mumkin. «Vaznsizlik» rejimida o‘rindiq suyanchig‘i 147 darajagacha yotqiziladi.

Barcha qatorlardagi o‘rindiqlar isitish, ventilyatsiya va massaj funksiyalariga ega. Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlarning qo‘ltiqtayoqlariga olinadigan boshqaruv ekranlari o‘rnatilgan.

Orqa yo‘lovchilar uchun 21,4 dyuymli shift ekrani, 13 litrli muzlatkich va 10 millisekund ichida qorayish darajasini o‘zgartira oladigan elektroxrom oyna ham mavjud.

Old panelda ikkita 15,6 dyuymli displey joylashtirilgan. Salon oq va jigarrang ranglarda taklif qilinadi hamda skandinav zarangidan tayyorlangan 18 ta dekorativ element bilan bezatilgan.

Faralar yo‘lga ma’lumot chiqaradi

Dreamer 9 katta vertikal panjarali radiator dizaynini saqlab qolgan. Uning ustidagi dekorativ emblema avtomatik ravishda ko‘tariladi va yoritiladi.

Huawei XPIXEL faralari jami 2,6 mln pikselga ega. Ular yo‘l yuzasiga navigatsiya strelkalari, qatordan chiqish haqidagi ogohlantirishlar va boshqa ma’lumotlarni proyeksiya qila oladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors Chevrolet Damas uchun aksiyani yo‘lga qo‘ygani haqida yozgan edi.

Shuningdek