
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Umarali Rahmonaliyev jamoaning kelgusi yirik turnir oldidan maqsadi yuqori ekanini bildirdi. Uning aytishicha, terma jamoa yig‘inining dastlabki kunidayoq murabbiylar futbolchilar bilan uchrashib, jamoa nimaga tayyorlanayotgani va qanday maqsadlarni ko‘zlayotganini muhokama qilgan.
Rahmonaliyevning ta’kidlashicha, xalqaro maydondagi so‘nggi natijalardan keyin muxlislarning terma jamoadan kutgan natijalari ham oshgan.
«Xalqimiz qanchalik xohlayotgan bo‘lsa, biz futbolchilar buni ikki-uch barobar ko‘proq xohlaymiz. Osiyoda eng yaxshi bo‘lish hamma uchun maqsad», – dedi u.
Futbolchi natijani oldindan kafolatlab bo‘lmasligini, biroq jamoaning har bir uchrashuvda bor kuchini berishi muhimligini ta’kidladi.
Terma jamoadagi raqobat kuchaydi
Rahmonaliyev O‘zbekiston terma jamoasidagi deyarli barcha pozitsiyalarda raqobat kuchayganini ham qayd etdi.
Uning fikricha, bunga so‘nggi yillarda o‘zbek futbolining umumiy darajasi oshgani, jumladan, Superligadagi futbolchilarning saviyasi ham yaxshilangani sabab bo‘lmoqda.
«Har bir pozitsiya uchun katta tanlov va raqobat bor. Bu futbolchini o‘sishga, ko‘proq mehnat qilishga va hech qachon bo‘shashmaslikka majbur qiladi», – dedi u.
Avvalroq «Kursiv» Rahmonaliyev terma jamoaning eng quvnoq futbolchisini aytgani haqida yozgan edi.