Shavkat Mirziyoyev Tinchlik kengashining birinchi sammitida nutq so‘zlab, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda G‘azo mintaqasini tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat rahbari so‘z boshida Donald Trampga sammitni chaqirgani uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv uning siyosiy irodasi va pragmatik yondashuvi natijasi ekanini ta’kidladi. O‘zbekiston Tinchlik kengashini tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani hamda uning faoliyatida amaliy ishtirok etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Nutqda qayd etilishicha, Kengash faoliyati G‘azo sektorini iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan qayta tiklash uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mintaqadagi har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi aholi tomonidan ichki qo‘llab-quvvatlanishi muhimligi ta’kidlandi.