Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Bu haqda Yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, yangi qonun moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish va islomiy moliya standartlariga mos muqobil bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Shu maqsadda 2 ta kodeks va 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatining huquqiy asoslarini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun alohida litsenziya turi joriy etiladi. Ushbu litsenziya banklarga faqat islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatish yoki bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham islomiy bank faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini beradi.