Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqidagi fikrlar bo‘yicha izoh berdi. Bu haqda vazirlikning rasmiy kanalida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, 29-avgust kuni qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov sohada asossiz rad etishlar va korrupsiyaviy holatlar mavjudligini tilga olgan edi.
Vazirlik izohiga ko‘ra, qurilish sohasidagi barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda faqat elektron tarzda amalga oshiriladi. Jismoniy yoki yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini my.gov.uz portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali topshirishi mumkin. Bu jarayonda fuqaro bilan vakolatli organ vakillari o‘rtasida bevosita muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi.