Geely Xitoy bozorida Geely Haoyue L modelining yangilangan versiyasini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Modelning narxi $12 mingdan boshlanadi. Haoyue L 27-noyabr kuni sotuvga chiqarildi. Yangilanishlar orasida 1,5 litrli yangi turbo dvigatel bor. U 2,0 litrli versiyaga nisbatan arzonroq variant bo‘lib, modelni o‘rta o‘lchamli SUV toifasida qoldiradi.
Tashqi ko‘rinishda ham o‘zgarishlar seziladi. Ko‘p burchakli yangi radiator panjarasi, yangilangan bamper, kattalashtirilgan bezak havo kanallari va Geely’ning vertikal chiziqli panjara uslubi saqlangan. O‘lchamlari o‘zgarmagan: uzunligi 4865 mm, eni 1910 mm, balandligi 1770 mm, bazasi 2825 mm. Yuqori komplektatsiyalar 20 dyuymli disklar bilan, qolganlari 19 dyuymli g‘ildiraklar bilan chiqadi.