Rossiyaning yirik energetika kompaniyasi «Gazprom» 2024-yil yakunlariga ko‘ra 1,076 trln rubl zarar ko‘rgan. Bu haqda kompaniyaning Rossiya buxgalteriya standartlari (RSBU) bo‘yicha e’lon qilingan moliyaviy hisobotida qayd etilgan.
O‘tgan yili kompaniya 696 mlrd rubl foyda ko‘rgani hisobga olinsa, bu natija jiddiy yo‘qotish hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, zarar asosan «Gazprom Neft» aksiyalarining bozor qiymati 852 mlrd rublga tushib ketgani hamda 2025-yildan boshlab foyda solig‘i stavkasining 25 foizga oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan 444 mlrd rubl miqdoridagi qo‘shimcha xarajatlar bilan izohlanadi.
Xususan, kompaniya 2024-yilning to‘rtinchi choragida 767,2 mlrd rubl sof zarar ko‘rgan. Bu «Gazprom» uchun so‘nggi 25 yildagi eng yomon chorak natijasi bo‘ldi.