O‘zbekiston Markaziy banki respublikada kimlar ko‘proq ipoteka krediti olishi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 2018-yilga nisbatan aholiga berilgan ipoteka kreditlari qoldig‘i 6 barobarga oshgan va 2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 58,2 trillion so‘mni tashkil qilgan.
Oʻtgan yili tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari miqdori 16,9 trillion soʻmga yetgan. 2022-yili bu koʻrsatkich 14,4 trillion soʻmni tashkil etgan. Oʻsish koʻrsatkichi 2,5 trillion soʻmga teng boʻlgan.
Ipoteka kreditlarining asosiy qismi – 69 foizi 31-50 yosh oraligʻidagi fuqarolar tomonidan olingan. Erkaklar ulushi 2022-yilga nisbatan 3 foizga oshib, 63 foizni tashkil qilgan boʻlsa, ayollar ulushi nisbatan pasaygan va 37 foizga tushgan.