Vaqt qaytmaydi: Vibe Management uni tejashni o‘rgatadi

Bu holda SI ma’lumotlarni tahlil qilish, vazifalarni boshqarish va yechimlarni qidirishni o‘z zimmasiga oladi
Business Booster xalqaro akseleratori va biznesni boshqarish IT platformasi asoschisi, venchur investor va kompaniyalarni birlashtirish va qo‘shib olish bo‘yicha mutaxassis
Foto: Unsplash

Dushanba, ertalab soat sakkiz. Siz hali pochtangizni ochishga ham ulgurmasingizdan avval, AI-assistent kompaniyangizga oid so‘nggi yangiliklarni allaqachon o‘rganib chiqqan bo‘ladi. U sizning o‘rningizga ko‘rsatkichlarni ko‘rib chiqadi, lidogeneratsiya bo‘limidagi zaif nuqtani topadi va uchta harakat variantini tayyorlaydi. Siz ikkinchi variantni tanlaysiz va bemalol qahva ichgani ketasiz. Kun boshlandi. Men Vibe Management deb ataydigan yondashuv aynan shunday ko‘rinadi. Biz aynan shu tomonga qarab ketyapmiz. Bu jarayon aksariyat rahbarlar anglab ulgurishidan ham tezroq sodir bo‘lmoqda.

Bir Atamadan boshqasiga

Siz Vibe Coding haqida shubhasiz eshitgansiz — bu texnik ma’lumotga ega bo‘lmagan odamlar shunchaki SI bilan gaplashib, ishchi kod yozadigan amaliyotdir. Men o‘zim ham shunday qilaman va bu ish beryapti. Xuddi shu mantiq boshqaruvga ham ko‘chadi: ilgari soatlab ma’muriy mehnatni talab qilgan hamma narsa — vazifalarni qo‘yish, metrikalarni solishtirish, moliyaviy xavflarni kuzatish, strategik qaror qabul qilishdan oldin ma’lumotlarni to‘plash — endi sun’iy intellektning yelkasiga tushishi mumkin. Ammo bu yerda darhol kamdan-kam odam tilga oladigan chorraha yuzaga keladi.

Aqlli yordamchining zaifligi

Hozirning o‘zidayoq istalgan neyron tarmoqdan so‘rab ko‘ring: «Men birinchi navbatda kimni ishga olishim kerak?» yoki «Kompaniyamda qayerda sustlashish (to‘siq) bor?». U umumiy va foydasiz javob qaytaradi. Aqlsiz bo‘lgani uchun emas, balki ma’lumotga «tashna» bo‘lgani uchun. SI sizda konversiyaga kim javob berishini, asosiy muzokaralarni kim olib borishini va umuman qaysi ko‘rsatkichlarni hal qiluvchi (o‘ta muhim) deb hisoblashingizni bilmaydi.

Tashkiliy tuzilma, funksiyalar va aniq odamlarning metrikasi haqidagi jonli ma’lumotlarsiz, hatto eng kuchli model ham chiroyli kalkulyator bo‘lib qolaveradi. Agar siz ushbu ma’lumotlarni har safar qo‘lda yuklashga harakat qilsangiz, bu o‘ylagan rejangiz azobga aylanadi va tejagan vaqtidan ko‘ra ko‘proq vaqtni oladi.

Aynan shu sababli biz bir necha yildan beri shaxsiy boshqaruv platformamizni qurmoqdamiz. U yerdagi tashkiliy tuzilma devorga chizilgan shunchaki chiroyli sxema emas — u nafas oladi. Har bir katak ichida real funksiyalar, biriktirilgan metrikalar, natijalar tarixi yashaydi. Bunday bazaga SI ulanganda, u shunchaki chat-bot bo‘lishni to‘xtatadi va siz ancha paytdan beri ishga olishni xohlagan, ammo moddiy jihatdan qurbingiz yetmagan o‘sha kuchli tahlilchiga aylanadi.

Bu amaliyotda nimani anglatadi

Men nazariya qurayotganim yo‘q. Mana, mening ishimni har kuni o‘zgartirayotgan ikkita vosita.

  • Moliyaviy assistent. Mende Claude negizida yaratilgan, hisob raqamlari, kartalar va majburiyatlarga kirish huquqi bo‘lgan yordamchi bor. Har qanday yirik xariddan oldin men bitta savol beraman va raqamlar bilan asoslangan, mantiqsiz tranzaksiyalarni ko‘rsatuvchi hamda potensial kassa uzilishidan ogohlantiruvchi vazmin javob olaman. U shunchaki «ha» yoki «yo‘q» deb javob bermaydi, balki sababini tushuntiradi.
  • Investitsion takliflar tahlilchisi. SI-assistenti mening qadriyatlarim, qiziqishlarim va loyihalarni baholashga bo‘lgan yondashuvlarimni biladi. Kimdir taklif yuborganida, men uni shunchaki yordamchiga yo‘naltiraman. U avval raqamlardagi ichki qarama-qarshiliklarni qidiradi, keyin esa zarurat tug‘ilganda, yetishmayotgan ma’lumotlarni so‘rab mualliflarning o‘zlari bilan yozishmalarni olib boradi. Agar raqamlar mos kelsa va mantiq bozor talablariga javob bersa, u bizning suhbatimiz uchun tuzilmani tayyorlaydi.

Bu juda katta miqdordagi vaqtni tejaydi. Ilgari bir necha soatlab o‘ylab tahlil qilishni talab qiladigan yirik investitsiya jadvallarini assistent daqiqalar ichida qayta ishlaydi. Muhimi, loyiha to‘g‘ri kelmagan taqdirda ham, har bir muallif mening assistentimdan mazmunli teskari aloqa oladi: g‘oya haqiqatda muvaffaqiyat qozonishi uchun nimaga e’tibor qaratish, nimani yakuniga yetkazish kerakligi aytiladi. Odamlar menga o‘z loyihalarini yuborishganidan xursandman va javoban haqiqiy foyda berishni xohlayman.

Bu fantastika yoki shunchaki navbatdagi shov-shuv (hayp) emas. JPMorgan Chase COiN platformasi orqali kredit shartnomalari tahlilini soniyalar ichida yakunlaydi. Va bu huquqshunoslar har yili 360 000 soat vaqt sarflaydigan ish edi.

Jamoani yangi tartibni qabul qilishga qanday undash kerak

Bu yerda hech qanday sehr yo‘q. Agar xodimlar SI-vositalariga o‘zlari intilishini kutsangiz, bu sodir bo‘lmasligi ham mumkin. Sherigim bilan biz buni boshimizdan o‘tkazdik va real ishlaydigan yondashuvni ishlab chiqdik.

  1. Birinchi va eng asosiysi — asoschi shunchaki «biz SI-ni joriy qilyapmiz» deb e’lon qilishi emas, balki jonli namuna bo‘lishi kerak. Odamlar rahbarga yo‘riqnoma sifatida emas, balki tirik odam sifatida qarashadi: agar u buni o‘zi ishlatsa, bu haqda gapirsa, natijalarni ko‘rsatsa, bu har qanday korporativ buyruqdan ko‘ra kuchliroq ta’sir qiladi.
  1. Keyingisi — texnik to‘siqni olib tashlash. Pullik modellarga kirish huquqini sotib olish va jarayonni qulay qilish.
  2. Undan keyin — ishni topshirish standartlarini o‘zgartirish. Tahlil qilish yoki hujjatlarni tayyorlash vazifalarida biz nafaqat tayyor natijani, balki u qaysi prompt (so‘rov) yordamida olinganini ham talab qila boshladik. Bu mayda-chuyda narsadek tuyuladi, lekin birovning promptini o‘qiganingizda, inson qanday fikrlayotganini ko‘rasiz va hisobot nima uchun aynan shunday chiqqanini tushunasiz.

Parallel ravishda bizda mavzuviy ichki chatlar paydo bo‘ldi, ammo ular umuman SI bozori yangiliklari haqida emas, balki biz foydalanadigan aniq vositalar haqida: video uchun HeyGen, audio uchun 11 Labs va hokazo. Alohida odam «laboratoriya ishlari» bilan shug‘ullanadi, ya’ni yangi vositalar ish jarayoniga tushishidan oldin ularni sinovdan o‘tkazadi.

Shuningdek, biz xakatonlar o‘tkazamiz. Asosiy odamlarni ma’lum bir vaqtga bir maydonga yig‘amiz, aniq biznes-vazifalarni qo‘yamiz va ularni real vaqt rejimida, birgalikda muhokama qilish va yechimlar qidirish bilan hal qilamiz. Birinchi bunday xakaton bizga akseleratsiya dasturida katta siljish berdi: biz aynan o‘sha yerda funksional tuzilma va ma’lumotlarni yig‘ish mantiqini yozib chiqdik. Hozirda xakatonlar kompaniya ichida doimiy ravishda davom etmoqda, ishtirok etish har qanday xodim uchun ochiq, g‘alabalar va yangi vositalarni joriy qilganlik uchun esa real mukofotlar beriladi.

Rahbarning rolida nimalar o‘zgaradi

Hamma beradigan savol: agar SI hamma narsani nazorat qilsa, unda boshqaruvni tushunishdan umuman nima naf? Javob Vibe Coding-dagi kabidir: agar tizim qaysi bloklardan yig‘ilganini tushunmasangiz, tezda boshi berk ko‘chaga duch kelasiz.

Ammo ishning tabiati transformatsiyaga uchraydi. Solishtirishlar, tekshirishlar va eslatmalar ko‘rinishidagi ma’muriy nazorat algoritmlarga o‘tadi. Ierarxiyalar yo‘qolmaydi, lekin gorizontalroq bo‘ladi: bitta rahbar ilgari bir nechta menejment darajalarini talab qilgan jamoalarni qamrab ola biladi. Liderning ishi yengillashmaydi, balki boshqacha bo‘ladi — so‘zning eng yaxshi ma’nosida ko‘proq strategik va ko‘proq insoniy bo‘ladi.

Bugun nimadan boshlash kerak

  • Avval — ma’lumotlar poydevori. Jonli baza yarating: kompaniyada kim bor, nimaga javob beradi, har bir rolga qanday metrikalar biriktirilgan. Busiz SI ko‘r-ko‘rona maslahat beradi.
  • Keyin — vazifalar nazorati. Oddiy narsadan boshlang: ovozli buyruqlar, avtomatik eslatmalar, muddatlarni (dedlaynlarni) kuzatish. Boshingiz qanday bo‘shashayotganini his qiling.
  • Parallel ravishda — axborot filtri. Men hozirda shaxsiy «yangiliklar kuratori»ni quryapman: axborot shovqinini elaydigan va faqat mening biznesdagi qarorlarimga haqiqatda ta’sir qiladigan narsalarni qoldiradigan assistentni. Vaqt ortga qaytmaydi, va Vibe Management — bu birinchi navbatda uni mashina sizdan ko‘ra yaxshiroq bajara oladigan narsalarga sarflashni to‘xtatish usulidir.
Mavzu bo'yicha materiallar
Ikboljon Kasimov
Ikboljon Kasimov
Oʻzbekiston eksport paradoksi
Savdoni yengillashtirish bo‘yicha islohotlar natija berdi, biroq undan kutilgan eksport faolligidagi o‘sish hali yuzaga chiqmagan