
Qozog‘iston poytaxti Ostonada yengil relsli transport tizimi — LRT ishga tushirilishi e’lon qilindi. Bu haqda City Transportation Systems kompaniyasi ma’lumotiga tayangan holda Tengrinews xabar berdi.
Unga ko‘ra, ilk yo‘lovchilar yangi transportdan shu hafta oxirida, 16–17-may kunlari foydalanishi mumkin bo‘ladi. Hozir loyiha yakuniy tayyorgarlik bosqichida. Shaharda poyezdlar sinovdan o‘tkazilmoqda, xavfsizlik tizimlari va infratuzilma tekshirilmoqda.
LRT sinov harakati 2025-yil 29-sentabrda boshlangan. Poyezdlar 40–50 km/soat tezlikda harakatlanadi. «Nurli yo‘l» vokzalidan aeroportgacha yo‘l taxminan 40 minut davom etadi.

Harakat oralig‘i yo‘nalishga qarab 5–10 daqiqani tashkil qiladi. LRT liniyasi xalqaro aeroportdan boshlanib, «Nurli yo‘l» vokzaligacha boradi. Yo‘nalishda jami 18 ta bekat mavjud.
Bekatlar shaharning asosiy biznes markazlari va turar joy hududlarini bog‘laydi. Ular orasida «Astana Arena», «Bayterek», «Milliy muzey», «Teatr» va «Aeroport» bekatlari ham bor.
Kelajakda LRT liniyasini Qosshi shaharchasigacha uzaytirish ham rejalashtirilgan.
Loyiha tarixi

LRT loyihasi ilk bor 2005-yilda tilga olingan. O‘sha paytda shahar transport tizimini modernizatsiya qilish rejasi ishlab chiqilgan va unga yengil relsli transport hamda tezkor avtobus yo‘nalishlari kiritilgan.
Loyihaning birinchi bosqichi 2011-yilda boshlangan. Rejaga ko‘ra, qurilish 2020-yilgacha yakunlanishi kerak edi. Sobiq prezident Nursulton Nazarboyev hatto loyiha boshlanishi munosabati bilan maxsus kapsula ham qo‘ygan.
Ammo qurilish boshlanganidan keyin loyiha juda qimmat ekani ma’lum bo‘ldi. Fransiyaning loyiha bilan shug‘ullangan kompaniyasi faqat birinchi bosqich uchun kamida 2,3 mlrd yevro kerakligini bildirgan.
Shundan so‘ng Qozog‘iston hukumati qo‘shimcha investorlar izlay boshladi. Osiyo taraqqiyot banki loyihani «haddan tashqari qimmat» deb baholab, moliyalashtirishdan bosh tortgan.
2014-yilda o‘sha paytdagi Ostona hokimi Imangali Tasmagambetov LRT o‘rniga tezkor avtobus yo‘nalishlariga qaytishni taklif qilgan. Bu qaror ham Nazarboyev topshirig‘i bilan qabul qilingan.
Biroq keyingi hokim Adilbek Jaksibekov yana LRT loyihasiga qaytgan. 2015-yilda Nazarboyev va Xitoy raisi Si Szinpin loyiha bo‘yicha moliyaviy kelishuv imzolagan. Unga ko‘ra, Xitoy banklari qurilish xarajatining 80 foizini, ya’ni $1,6 mlrdni moliyalashtirishi kerak edi.
Shunga qaramay, loyiha yana to‘xtab qolgan. 2022-yilda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev LRTni «kuchli korrupsiya hidiga ega loyiha» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oddiy infratuzilma loyihasi mamlakat obro‘siga zarar yetkazayotgan katta muammoga aylangan.
Shundan keyin shahar aholisi orasida LRT ustunlarini saqlab qolish yoki ularni parkka aylantirish bo‘yicha takliflar ham paydo bo‘lgan. Ayrimlar esa ularni «korrupsiya yodgorligi» deb atagan.
Loyiha davomida katta mablag‘lar sarflangan. 2018-yilda qurilish uchun budjetdan 16,2 mlrd tenge ($34,9 mln) ajratilgan. Xitoy banklari kreditlari va davlat mablag‘lari «Astana Bank» hisobida saqlangan, ammo bank litsenziyasidan ayrilganidan keyin $258 mln mablag‘ muammoli holatda qolib ketgan.
2019-yil ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha ishlarining atigi 15 foizi bajarilgan. Bu ishlarga $313 mln ajratilgan bo‘lsa-da, faqat $86 mln to‘langan.
Shuningdek, LRT qurilishi bilan shug‘ullangan kompaniya katta mablag‘ni xodimlar maoshiga sarflagan. Masalan, 2021-yilda ish haqlari uchun 145,8 mln tenge ($314,3 ming) ishlatilgan. Kompaniya to‘liq Ostona hokimligiga tegishli bo‘lgani sababli barcha xarajatlar davlat budjeti hisobidan qoplangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Toshkent va poytaxtni bog‘laydigan 21 kilometrlik metro liniyasi barpo etilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, liniya uzunligi 21 kilometr bo‘lib, u 9 ta bekatdan iborat bo‘ladi. Liniya kuniga 230 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi va mavjud metro tarmoqlari bilan integratsiya qilinishi rejalashtirilgan.