Yevrokomissiya (YI) 19-sentabr kuni Rossiyaga qarshi navbatdagi 19-sanksiyalar paketini taqdim etadi. Unda banklar, energetika sohasi va «soya floti»ga nisbatan choralar nazarda tutilmoqda. Bu haqda «RBK» nashri Handelsblatt’ga tayanib xabar berdi.
Shuningdek, AQSh bosimi ostida YI Rossiya neftining yirik xaridorlari bo‘lgan Xitoy va Hindistonga ham bosimni kuchaytirishi kutilmoqda. Bu davlatlardagi ayrim banklar va neftni qayta ishlash zavodlari qora ro‘yxatga kiritiladi. Biroq Vashington talab qilgan bojxona bojlari kiritilmaydi.
Yangi paket Rossiya fuqarolari uchun vizaga cheklovlarni ham qamrab oladi. Bryussel yagona qoidalar ishlab chiqib, turist vizalarini berishda qat’iyroq mezonlar joriy etmoqchi. Shuningdek, diplomatlarga Shengen hududida erkin harakatlanishni taqiqlash masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.