
Hukumat qarori bilan fuqarolik havo kemalari bilan sodir bo‘lgan aviatsiya hodisalarini tekshirish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, endilikda maksimal massasi 2250 kilogramm va undan kam bo‘lgan havo kemalari bilan sodir bo‘lgan aviatsiya hodisalarini tekshirish aviatsiya korxonalari tomonidan parvozlar xavfsizligini boshqarish bo‘yicha qo‘llanma doirasida amalga oshiriladi.
Tekshiruv jarayonida barcha tegishli ma’lumotlar to‘planadi, tahlil qilinadi va parvozlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Zarurat tug‘ilganda, hodisaga sabab bo‘lgan omillar aniqlanadi va yakuniy hisobot tuziladi.
Qarorga ko‘ra, aviatsiya hodisalari bo‘yicha barcha dalillar tekshiruv komissiyasiga kechiktirilmasdan taqdim etiladi va ularning to‘liq nazorati ta’minlanadi. Boshqa turdagi tekshiruvlar komissiya ishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak.
Bundan avval Uzbekistan Airports zilzila paytida «Aeroflot» samolyotining ikkinchi aylanishiga izoh bergandi. Unga ko‘ra, Toshkentda sodir bo‘lgan zilzila vaqtida Moskva — Toshkent yo‘nalishidagi «Aeroflot» samolyoti qo‘nishda ikkinchi aylanishga majbur bo‘ldi. Uzbekistan Airports bu holatni odatiy xavfsizlik chorasi sifatida tushuntirdi.