
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining (CDC) dastlabki hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda Qo‘shma Shtatlarda taxminan 3,6 mln chaqaloq dunyoga kelgan va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1 foizga past.
Ushbu demografik inqiroz ayollarning reproduktiv tanlovdagi erkinligi, mos juft topish muammosi hamda farzand tarbiyasining tobora qimmatlashib borayotgani bilan izohlanmoqda.
Tug‘ilish darajasining pasayishi Qo‘shma Shtatlarda o‘nlab yillar davomida kuzatilmoqda. 2025-yilda reproduktiv yoshdagi har 1000 ayolga 53 ta tug‘ilish to‘g‘ri kelgan. Garchi hukumat tomonidan qator siyosiy harakatlar va pronatalistik g‘oyalar orqali aholi sonini rag‘batlantirishga urinishlar bo‘layotgan bo‘lsa-da, ko‘rsatkichlar tushishda davom etyapti.
«Ayollar endi o‘z reproduktiv hayotini yaxshiroq boshqarmoqda, shuning uchun istalmagan homiladorlik avvalgidek ko‘p emas. Odamlarning oila qurish qarorlariga juda ko‘plab omillar ta’sir qiladi», — dedi UCLA Jamoat sog‘lig‘ini saqlash maktabining dotsenti, doktor Elison Gemmill.

Zamonaviy jamiyatda iqlim o‘zgarishi, sun’iy intellekt qanday oqibatlarga olib kelishi va iqtisodiyot bilan bog‘liq xavotirlar bo‘lajak ota-onalarni ko‘proq o‘ylanishga majbur qilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozirgi kunda farzandni voyaga yetkazish 20 yil avvalgiga nisbatan ota-onadan ko‘proq vaqt va $1000 lab qo‘shimcha xarajat talab etadi.
Ayollarning aksariyati farzandli bo‘lish uchun eng to‘g‘ri vaqt, munosib juft va yetarli moliyaviy xavfsizlikni kutishni afzal bilishmoqda. Bu holat uzoq istiqbolda iqtisodiyot uchun salbiy to‘siq bo‘lishi mumkin.
Pantheon Macroeconomics bosh iqtisodchisi Semyuel Tombsning so‘zlariga ko‘ra, immigratsiya oqimining qisqarishi fonida aholi sonining o‘sishi ham sekinlashgan. Agar immigratsiya nolga teng bo‘lganida edi, kelgusi yillarda ishchi kuchi o‘sishi atigi 0,1-0,2 foizni tashkil etgan bo‘lardi.
Shuningdek, demografik o‘zgarishlar ijtimoiy ta’minot fondiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yoshlar sonining kamayishi kelajakda 70 mln dan ortiq nafaqaxo‘rlarni moliyalashtiradigan ishchilar safi qisqarishini anglatadi. Ba’zi demografik hisob-kitoblarga ko‘ra, 1990-yillarda tug‘ilgan avlod o‘ziga xos misli ko‘rilmagan tug‘ilish ko‘rsatkichini namoyon etmas ekan, bu pasayishni qoplash qiyin bo‘ladi.
Chikagodagi InVia unumdorlik markazi shifokori Sigal Klipsteinning ta’kidlashicha, tug‘ilish tendensiyalari o‘zgarib borayotgan bir paytda aholining xabardorlik darajasi juda muhim. Sun’iy urug‘lantirish kabi yordamchi reproduktiv texnologiyalar yordamida ko‘pchilik o‘z oilasini rejalashtira olmoqda, biroq yosh omili hamon homiladorlikka ta’sir qiluvchi eng asosiy faktor bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda to‘rtinchi yil ketma-ket aholi soni kamayishi kuzatilgani haqida xabar bergan edi.