Banklar va moliya

Shaxsiy kartaga to‘lov: qulaylikmi yoki yashirin aylanma

Kursiv Uzbekistan mavzu yuzasidan tadbirkorlar va iqtisodchilar fikrini o‘rgandi
Endi bir kunda faqat bitta bankdan onlayn kredit olish mumkin
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda soliq organlari ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarda P2P, ya’ni plastik kartadan plastik kartaga o‘tkazilayotgan to‘lovlarni o‘rganishni boshladi. Ayrim holatlarda bunday tushumlar soliq hisobotlarida aks ettirilmasligi mumkin. Bu esa davlat budjediga tushumlar kamayishiga va halol ishlayotgan tadbirkorlar uchun teng bo‘lmagan raqobat muhitiga sabab bo‘ladi. Kursiv Uzbekistan mavzu yuzasidan bir qator tadbirkorlar va iqtisodchilar fikrini o‘rgandi. Ular orasida P2P to‘lovdan umuman foydalanmasligini aytganlar ham, ayrim vaziyatlarda shaxsiy kartaga pul qabul qilishga majbur bo‘lishini bildirganlar ham bor.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

Soliq organlari aynan nimani o‘rganmoqda

Viloyatlarda rasmiy to‘lov tizimidan foydalanish

Terminal ishlamasa, pul shaxsiy kartaga olinadi

Shaxsiy karta aylanmasini korxona tushumi deb baholash asoslimi

Soliq organlari aynan nimani o‘rganmoqda

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq tushumlarini to‘liq rasmiylashtirish masalasi so‘nggi paytlarda dolzarb yo‘nalishlardan biriga aylandi.

Davlat rahbari raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, «aqlli» nazorat tizimini joriy etish orqali 2026-yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushum ta’minlanishi bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu «P2P»-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlar orqali amalga oshiriladi.

Shu sabab Soliq organlari hozir savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarda P2P to‘lovlar orqali amalga oshirilgan operatsiyalarni tahlil qilmoqda. Gap xaridorning tovar yoki xizmat uchun pulni terminal, kassa yoki yuridik shaxs hisobiga emas, balki sotuvchi yoki rahbar xodimning shaxsiy plastik kartasiga o‘tkazishi haqida ketmoqda.
Agar bunday tushumlar keyinchalik kassaga urilmasa yoki soliq hisobotida ko‘rsatilmasa, ular yashirin aylanma sifatida baholanishi mumkin.

Kursiv Uzbekistan Soliq qo‘mitasi bilan mavzu doirasida bog‘lanishga harakat qildi. Ammo qo‘mita «hozircha bu mavzu bo‘yicha aniq javob bera olmasligi»ni ma’lum qildi.

«Davletovuz» telegram kanali yozishicha, qo‘mita hozirda mayda tadbirkorlarning o‘tkazmalarini tekshirmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Ilmiy tadqiqotlar va grantlar bo‘limi boshlig‘i, iqtisodiyot fanlari doktori Ikboljon Kasimovning Kursiv Uzbekistan’ga shunday fikr bildirdi:

«Agar banklar va Soliq qo‘mitasi nazorati riskka yo‘naltirilgan, qoidalar oldindan ma’lum va barqaror, tartib-qoidalar esa nisbatan sodda bo‘lsa, rasmiy raqamli kanallardan foydalanishning xavfi kamayadi va soliq bazasi sekin-asta kengayishi mumkin. Biroq nazorat asosan jazoga yo‘naltirilgan, tez-tez o‘zgaradigan va oldindan taxmin qilish qiyin bo‘lsa, kichik biznes rasmiy kanaldan chiqib, naqd hamda to‘liq informal P2P’ga o‘tadi, bu esa yashirin iqtisodiyotni ortishiga olib kelishi mumkin. Ushbu mavzudagi empirik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yashirin sektor hajmi nazorat intensivligidan ko‘ra, nazorat sifati va institutlarga ishonch kombinatsiyasiga kuchliroq bog‘liq», — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar P2P oqimi kuzatiladigan bank va litsenziyali raqamli kanallar orqali rasmiy savdo bilan bog‘langan bo‘lsa, soliq bazasi kengayishi ehtimoli yuqori; aksincha, kartadan kartaga o‘tkazmalar rasmiy hujjatsiz «shaxsiy pul o‘tkazmasi» sifatida ishlatilsa, ayniqsa xizmatlar sektorida aylanmani yashirishni osonlashtiradi.

Viloyatlarda rasmiy to‘lov tizimidan foydalanish

Kursiv Uzbekistan suhbatlashgan tadbirkorlardan biri P2P to‘lovlar ayrim holatlarda viloyatlar bilan savdo qilishda qo‘llanishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hududlararo masofa va ayrim joylarda rasmiy hisob raqam orqali ishlash bo‘yicha tushuncha yetarli emas. Shu sababli mijoz yoki hamkorlarga qulaylik yaratish uchun shaxsiy kartaga to‘lov qabul qilish holatlari uchraydi.

Tadbirkor biznes karta yoki rasmiy hisob raqamidan foydalanishdagi qiyinchiliklarni ham shu omil bilan izohladi. Unga ko‘ra, viloyatlarda ayrim xaridorlar yoki hamkorlar hisob raqam orqali ishlash tartibini yaxshi bilmaydi.

«Viloyatlarda hisob raqam bilan ishlashni bilmaslik yoki bu borada tushuncha yo‘qligi uchraydi. Ularga osonlik yaratish maqsadida yordam qilinadi», deydi tadbirkor.

U P2P o‘tkazmalar bo‘yicha tekshiruvlar mayda tadbirkorlar orasida o‘tkazilayotgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi. Uning aytishicha, ayrim kichik tadbirkorlarda firma nomiga rasmiy tovar kirimi bo‘lmasligi mumkin. Masalan, ko‘cha bozorlari yoki naqd savdo nuqtalaridan tovar olib sotadigan tadbirkorlar xarid qilingan mahsulotni rasmiy kirim qila olmaydi. Natijada bunday mahsulotlarning sotuvini ham rasmiy aks ettirishda qiyinchilik yuzaga keladi.

Terminal ishlamasa, pul shaxsiy kartaga olinadi

Ovqatlanish sohasidagi boshqa bir tadbirkor ayrim mijozlarda o‘z nomidagi karta bo‘lmasligi yoki Click, Payme kabi ilovalardan foydalanish imkoniyati cheklanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zan xaridor uchun to‘lovni otasi, onasi yoki boshqa yaqin qarindoshi amalga oshirib beradi.

Kasimovga ko‘ra, tadbirkorlar P2P o‘tkazmalarni faqat qulay bo‘lgani uchun tanlamaydi. Bunga bir nechta omillar ta’sir qiladi.

  • Ekspert birinchi omil sifatida transaksion xarajatlarni ko‘rsatdi. Ya’ni biznes hisob raqami, kassa, POS-terminal, hisobot va komplayens talablari mikro biznes uchun qo‘shimcha xarajat va yuklama bo‘lishi mumkin. Shu sababli shaxsiy karta ayrim tadbirkorlar uchun eng tez va arzon texnik yechim sifatida ko‘riladi.
  • Ikkinchi omil tizimdagi noaniqlik va institutsional risk bilan bog‘liq. Agar tadbirkor qoidalarni murakkab, tez-tez o‘zgaradigan yoki barqaror emas deb qabul qilsa, rasmiy hisob orqali ishlash unga qo‘shimcha xavfdek ko‘rinadi. Bunday holatda norasmiy to‘lov kanallariga moyillik kuchayadi.
  • Uchinchi omil esa xulqiy norma va ishonch masalasidir. Atrofdagilar orasida «hamma kartadan kartaga ishlayapti» degan qarash kengaysa, P2P o‘tkazmalar oddiy amaliyotga aylanadi. Moliyaviy savodxonlik pastligi va davlat institutlariga ishonch yetarli emasligi ham shaxsiy kartadan foydalanishni kuchaytirishi mumkin.

«Shu sababli P2P o‘tkazmalarni faqat qulaylik bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Bu yerda qulaylik, institutsional to‘siqlar va ishonch bilan bog‘liq muammolarni tushinish muhim hisoblanadi», – deydi iqtisodchi.

Shaxsiy karta aylanmasini korxona tushumi deb baholash asoslimi

«Rastamojka» kanali yozishicha, ayrim tadbirkorlar soliq organlaridan direktorning bank kartasiga kelgan P2P o‘tkazmalar bo‘yicha ma’lumot taqdim etish haqidagi xatlar olayotganini bildirmoqda.

Kanal bu yondashuv huquqiy jihatdan bahsli ekanini ta’kidlaydi. Chunki yuridik shaxs va jismoniy shaxs alohida huquq subyektlari hisoblanadi. Korxonaning o‘z hisob raqami va mol-mulki bor. Direktor yoki ta’sischining shaxsiy kartasi esa uning shaxsiy moliyaviy vositasi hisoblanadi.

Shu sababli shaxsiy kartaga tushgan har qanday mablag‘ni avtomatik tarzda korxona tushumi deb hisoblash to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Bunday o‘tkazma qarz qaytarilishi, oilaviy yordam, do‘stlar o‘rtasidagi hisob-kitob yoki boshqa shaxsiy sabablar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Agar soliq organi muayyan P2P o‘tkazmani korxona daromadi deb hisoblamoqchi bo‘lsa, avvalo bu mablag‘ tovar yoki xizmat uchun olinganini, korxona faoliyati bilan bog‘liqligini va hisobotdan yashirilganini aniq dalillar bilan isbotlashi kerak.

Aks holda faqat karta aylanmasi asosida xulosa qilish tadbirkorlik muhitida ishonchsizlik keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa shaxsiy mablag‘, bank siri va huquqiy aniqlik masalalariga oid savollarni kuchaytiradi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov P2P o‘tkazmalarni tahlil qilish bo‘yicha aniq huquqiy mexanizm ishga tushmaguncha bu amaliyot to‘xtatilishi kerakligini bildirgan.

«P2P o‘tkazmalarni korxona tushumi deb hisoblash amaliyoti, toki bu bo‘yicha aniq huquqiy mexanizmlar, ayniqsa bank siri qoidalariga qat’iy amal qilishni nazarda tutadigan kafolatlar ishga tushmaguncha, to‘xtatilishi kerak. Aks holda «budjetga 30 trillion tushiramiz» deya ekonomikaga 50 trillionlik ziyon yetkaziladi», — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Soliq qo‘mitasi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev O‘zbekistonda terminal orqali to‘lovni rad etish va chek bermaslik holatlari keskin oshganini ma’lum qilgandi. Uning ta’kidlashicha, faqat fevral oyining o‘zida bu bo‘yicha 22 mingta murojaat kelib tushgan. Har bir murojaat tekshirilgan va aksariyat holatlarda qonunbuzarliklar tasdiqlangan. Eng ko‘p uchrayotgan muammo – savdo nuqtalarida terminal mavjud bo‘lsa ham, undan foydalanishdan bosh tortish.