O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan haydovchilarga nisbatan javobgarlikni keskin kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Qonun loyihasiga ko‘ra, ayrim qoidabuzarliklar uchun transport vositasini 6 oydan 1 yilgacha vaqtincha olib qo‘yish, tezlikni me’yordan 80 km/soatdan ortiq oshirganlik uchun esa 26,8 mln so‘mgacha jarima qo‘llash taklif etilgan.
Avtomobilni vaqtincha olib qo‘yish taklif etilmoqda
O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida muhokama qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga «avtomototransport vositasini vaqtincha olib qo‘yish» nomli yangi jazo chorasini kiritish taklif etilmoqda.
Unga muvofiq, ayrim qo‘pol yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir etgan shaxslarning transport vositalari sud qarori bilan 6 oydan 1 yilgacha muddatga jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin.