AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni Amerika hududiga tarqalgani sabab ushbu mamlakat tovarlariga qo‘llanayotgan bojlarni oshirish bilan tahdid qildi. Bu haqda Axios xabar berdi.
Tramp 17-iyul kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Kanada yong‘inlari oqibatida yuzaga kelayotgan ifloslanish xarajatlari mamlakat to‘layotgan tariflarga qo‘shilishi kerakligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Kanada rasmiylari o‘rmonlar va ulardagi quruq o‘simliklarni yetarlicha nazorat qilmagani sabab AQShga «iflos va sog‘liq uchun xavfli havo» kirib kelmoqda.
AQSh prezidenti bu vaziyatni «qasddan yo‘l qo‘yilgan beparvolik» deb atadi. Shuningdek, u Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan bog‘lanib, mamlakat hukumati muammoni hal qilish uchun qanday choralar ko‘rishini so‘rashini ma’lum qildi.