«O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi yangi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qonunda Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari, sudyalarni saylash tartibi, sud tarkibi hamda qarorlarning kuchga kirish muddati belgilangan.
Konstitutsiyaviy sud nimalarni ko‘rib chiqadi
Qonunga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud qonunlar, Oliy Majlis palatalari qarorlari, Prezident farmon va qarorlari, Hukumat hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlaydi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston qonunlariga muvofiqligi ham sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Oliy sud tashabbusi bilan kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi haqidagi murojaatlar ham Konstitutsiyaviy sud vakolatiga kiradi.
Bundan tashqari, sud o‘z vakolatlari doirasida Konstitutsiya va qonunlarga sharh beradi.