Fermerlarning yerga bo‘lgan huquqi yetarlicha kafolatlanmagani suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga to‘sqinlik qilmoqda. Ekspert Dilshod Shodiyevning aytishicha, oxirgi uch yil ichida fermerlarning 30 foizining yeri olib qo‘yilgan.
Bu haqda Shodiyev «O‘zbekistonda suv sohasidagi islohotlar: erishilgan natijalar, mavjud chaqiriqlar va kelajak istiqbollari» mavzusidagi ekspertlar kengashining I yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Uning fikricha, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish uchun faqat fermerlarni majburlash yetarli emas. Avvalo, ularning yerga bo‘lgan huquqi barqaror va ishonchli bo‘lishi kerak.
Fermer yeridan ayrilishdan xavotirda
Ekspertning ta’kidlashicha, fermer katta mablag‘ sarflab, suv tejovchi texnologiya o‘rnatsa ham, ertaga yeri olib qo‘yilishi mumkinligidan xavotirda...