Singapurlik olimlar tirik tarakanlarni masofadan boshqarish mumkin bo‘lgan kiberorganizmlarga aylantirib, ularni suv ostida harakatlana oladigan maxsus nafas olish tizimi bilan jihozladi. Tadqiqot natijalari Nature Communications ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Tarakanlarga akvalang o‘rnatildi
Loyiha Nanyang texnologiya universiteti olimlari tomonidan amalga oshirilgan. Tajribalarda tashuvchi sifatida chidamliligi va uzoq umr ko‘rishi bilan ajralib turadigan Madagaskar tarakanlari tanlangan.
Hasharotlarning suv ostida uzoq vaqt yashay olmasligi muammosini hal qilish uchun tadqiqotchilar 3D-printerda tayyorlangan miniatyura nafas olish modulini ishlab chiqdi. Qurilma vodorod peroksid va marganes dioksidi o‘rtasidagi kimyoviy reaksiya orqali kislorod hosil qilib, uni tarakanning nafas olish tizimiga yetkazib beradi.