Rossiyaning Omsk shahridagi qurilish maydonida yuz bergan yong‘inda ikki O‘zbekiston fuqarosi jabrlandi, deya xabar berdi «Moskovskiy Komsomolets» nashri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlangan o‘zbekistonliklar qurilish maydonida pudrat shartnomasi asosida ishlagan. Ularning ayni paytdagi sog‘lig‘i haqida alohida ma’lumot berilmagan.
Yong‘inda 11 kishi jabrlangan
Hodisa 15-avgust kuni ertalab Omskdagi «Kvartali Draverta» turarjoy majmuasi qurilishida yuz bergan. Yong‘in oqibatida jami 11 nafar quruvchi shifoxonaga olib ketilgan. Ulardan biri keyinchalik vafot etgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yetti kishi reanimatsiyada qolmoqda, uch nafar jabrlanuvchi esa tibbiy ko‘rikdan so‘ng uyiga javob berilgan. Ayrim jabrlanganlar tanasining 20 foizidan 90 foizigacha kuyish jarohatlarini olgan.